• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12965.34
    • RUB161.34
    • EUR14525.07
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +27°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Kitob

    Bir qotil tarixi. Patrik Zyuskindning “Parfyumer” romani haqida

    “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Patrik Zyuskindning “Parfyumer” romani haqida hikoya qiladi.

    Fleshbek

    Tan olib aytishim joizki, men ham ko‘pchilik singari “Parfyumer”ning kinosini ko‘rib, keyin kitobini o‘qiganman. Bu filmni Rossiya telekanallaridan birida yarmidan ko‘rib qolganman, azbaroyi qiziqqanimdan keyinchalik tanishlarga voqealarini aytib berib, oxiri topganman va diskini olib ko‘rganman. Ko‘rib bo‘lgach, ichimda ikki xil tuyg‘u jo‘sh ura boshlagan. Filmdagi Grenuyni yaxshi ko‘rganman. Ammo ikki yildan so‘ng film mashhur asar asosida suratga olinganini bilgach, uni o‘qib ko‘rib, amin bo‘ldimki, kino va kitobning farqi juda katta. Kinoda qahramonni emas, aktyorni yoqtirasiz yoki yomon ko‘rasiz, qahramonga nisbatan haqiqiy tuyg‘ular kitobni o‘qigach, uning mental va tashqi holatini tasavvur qilganingizda kelib chiqadi. Bu bosh qahramon haqidagi fikrlarimni o‘zgartirib yuborgan kam sonli kitoblardan biridir.

    Asar haqida

    1985-yilda yaratilgan “Parfyumer. Bir qotil tarixi” romani yozuvchi Patrik Zyuskindni jahonga tanitdi. Jahonning 47 dan ortiq tillariga tarjima qilingan ushbu asar bugungi kunga qadar 12 milliondan ortiq nusxada sotilgan. “Parfyumer” daho va shuhratparast insonning hikoyasidir. Sevgi orzusiga – muhabbat atirini yaratishga erishish uchun bir qator shafqatsiz qotilliklarni amalga oshirgan Jan-Batist Grenuyning fojiaviy hikoyasi.

    Syujet

    XVIII asr Fransiyasida davrning eng yorqin va eng jirkanch shaxslari yashab o‘tgan. Shunday yorqin va jirkanch insonlardan biri Jan-Batist Grenuy edi.

    Parij. Yozda, shaharning dahshatli iflos va badbo‘y qismidagi bozorlarning birida Jan-Batist Grenuy tug‘iladi. Onasi uni baliq do‘koni stolida, baliq boshlari va ichaklari orasida tug‘adi. Onasi go‘dakni o‘ldirishga uringanlikda ayblanib, qatl etiladi; politsiya yangi tug‘ilgan chaqaloqni bir hamshiraga beradi. Ayol bolaga g‘amxo‘rlik qilishdan bosh tortadi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, “uning hidi boshqa bolalar kabi emas”, “unga iblis joylashib olgan”.

    Keyin uni Madam Gayyar bolalar uyiga yuborishadi. Bu yerda Grenuy sakkiz yoshgacha yashaydi. U juda xunukligi uchun bolalar undan o‘zini olib qochishadi. Ammo uning favqulodda hidlarni yaxshi ajrata olish qobiliyati bor.

    “Parfyumer” filmidan kadr

    “Parfyumer” filmidan kadr

    Madam Gayyar uni teri oshlovchiga ishchi qilib beradi. Grenuy qiyin sharoitda ishlaydi, kasalliklarga duchor bo‘ladi. Lekin hech narsa uni sindira olmaydi. Uning uchun yagona quvonch yangi hidlarni o‘rganishdir. Bir marta ko‘chada yoqimli hidni his qiladi, uni burniga tortadi. Xushbo‘y hid manbai yosh bir qiz edi. Grenuy uning xushbo‘y hidi bilan mast bo‘lib, uning ortidan borib qizni bo‘g‘ib tashlaydi, qiz jon bergan bo‘lsa-da, uning hididan zavqlanadi va keyin sezdirmasdan yashirinadi. U vijdon azobidan qiynalmaydi, negaki xushbo‘y hidning quliga aylanib ulgurgan edi.

    Kunlardan bir kun Grenuy Baldini ismli atirchinikiga teri olib keladi. Baldini o‘tmishda mashhur atirchi bo‘lgan bo‘lib, endi uning davri o‘tgan, u yosh raqobatchilari kabi mashhur emas edi. U raqobatchisining atirlari formulasini tushunishga harakat qilmoqda. Grenuy tasodifan Baldini laboratoriyasiga kiradi va instinktiga bo‘ysunib, ingrediyentlarni aralashtirib, o‘sha atirni takrorlab beradi. Baldini hayron.

    Shundan so‘ng Grenuy Baldiniga shogird bo‘ladi. U Grenuyga sublimatsiya yordamida turli ranglardan xushbo‘y hidni qanday ajratib olishni o‘rgatadi. Endi Grenuy bu mahoratni puxta o‘rganib, atirlarni qoidalarga muvofiq yaratishni o‘rganadi, lekin hamma hidlarni ham shishaga solib bo‘lmasligini anglab yetgach, tushkunlikka tushib qoladi.

    Grenuy shahardan bosh olib ketadi va g‘orga kirib, u yerda bir necha yil yashaydi. U o‘zining hidi yo‘qligini tushunadi va odamlar undan qochmasligi, oddiy odamga aylanishi uchun atir ixtiro qilishni xohlaydi. Boshpanasini tark etgach, Grenuy “suyuqlik nazariyasi” yaratuvchisi Markiz Tayad Espinassa homiyligi ostida yangi bilimlar o‘rganadi. Markizdan chiqib, Grasse shahriga boradi, u yerda bir parfyumerning bevasi Madam Arnulfiga shogirdlik qiladi. To‘satdan bog‘ yonida bo‘g‘ib qo‘ygan qizining hididan ham xushbo‘yroq hid sezadi. Bu bog‘da o‘ynaydigan yosh Laura Rishining hidi edi. Grenuy kelajakdagi yaratmoqchi bo‘lgan atirning cho‘qqisini, uning hayotdagi asosiy ijodi – mutlaq go‘zallikning hidini topgan edi. Ikki yil davomida u hidlarni to‘plash ilmini o‘rganadi va chiroyli ayollarning terisi va sochining hidini, hidsiz yog‘ bilan ishlov berilgan mato yordamida juda yaxshi qabul qilinishiga ishonch hosil qiladi. Shaharda g‘alati qotilliklar to‘lqini boshlanadi, yosh qizlar qurbon bo‘ladi. Shu yo‘l bilan Grenuy hidlarni to‘playdi, qurbonlarining o‘lik tanalariga yog‘ surtadi va uni yig‘ib olib, qaynatib, hosil bo‘lgan hidni flakonlarga yig‘adi.

    Odamlar qotilning sabab va maqsadlarini tushunmaydi. Qizlar jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lmagani aniqlanadi. Grassedagi birgina odam shunchalik sezgirki, u qotilning asl sabablarini ko‘ra boshlaydi. Bu Lauraning otasi, konsul Rishi edi. U qurbonlarning barchasi go‘zal qizlar ekaniga e’tibor qaratadi va chiroyli qizidan xavotirlanishni boshlaydi. U Laurani yashirincha boshqa yerga olib ketadi. Biroq Grenuy uni aqldan ozdiruvchi xushbo‘y hidi orqali topib boradi, o‘ldiradi, yog‘ surtadi, sochini qirqadi va qizning xushbo‘y hidini olib ketadi. Endi u yetarli miqdorda xushbo‘y hidlarga ega bo‘lib, ularni aralashtirib, dunyodagi eng mukammal atirni yaratadi. Ayni paytda u topilib, hibsga olinadi.

    Grenuy o‘limga hukm etiladi. Hech kim u mo‘jizaviy atir yaratganligini bilmaydi. Qatl etilishdan oldin Grenuy bu atirdan o‘ziga bir tomchi sepadi. Qo‘riqchilar Grenuyni qo‘yib yuboradi, jallod esa qo‘llarini tushiradi. Atirning hidi shunchalik yoqimli va aqldan ozdirar darajada hushbo‘yki, odamlar darhol Grenuyga oshiq bo‘ladi va u qotil ekanini unutadi. Qatlni ko‘rishga kelgan tomoshabinlar bir-biriga samimiy ehtiros bilan qaraydi. Aqldan ozgan insonlar orasida orgiya boshlanadi. U bularning bariga qoniqish bilan qaraydi va ommaviy aqldan ozishdan foydalanib, yo‘qoladi. Ertasi kuni atir hidi tarqagach, yalang‘och odamlar uyalib kiyina boshlaydi va nima bo‘lganini unutishga qaror qiladi. Grenuyning o‘rniga bir begunoh odam qatl etiladi.

    “Parfyumer” filmidan kadr

    “Parfyumer” filmidan kadr

    Grenuy ozod. Ammo u baxtsiz. Uning tushunishicha, odamlar uning ijodini qadrlay olmaydi. U Parijga qaytib, qabristonga boradi, gulxan atrofida to‘plangan o‘g‘rilar va sayoqlarni ko‘radi. Grenuy atirini boshidan to‘ka boshlaydi; aql bovar qilmas xushbo‘y hiddan mast bo‘lgan o‘g‘rilar va daydilar unga hujum qiladi, uning tanasini burdalab tashlaydi va... buyuk atirchi Jan-Batist Grenuyning qoldiqlarini yeb yuboradi.

    Tahlil

    Biz bu ajoyib kitobga kontekstsiz yaxshi kira olmaymiz, “qotilimiz”ga uning atrofidagi dunyoni bilmasdan murojaat eta olmaymiz. Muallifning o‘zi haqiqatni bo‘yab tashlaydi, shunda biz qayerga borayotganimizni bilib olamiz.

    Biz XVIII asrda Fransiyada yashayapmiz, u yerda “jirkanch va buyuk odamlarga to‘la bo‘lgan davrning eng buyuk va jirkanch odamlaridan biri”ga duch kelmoqdamiz.

    Asar o‘zining nomi bilan ham sizga xozir qanday hikoya haqida gap ketishi mumkinligini bildirishi mumkin. Muallif buni birinchi xatboshidayoq aniq qilib aytadi, ammo ikkinchi xatboshi Patrik Zyuskind o‘quvchisining burnini burishtirishi va hatto kitobdan uzoqroq ketishga majbur qilishi mumkin. Bunga sabab o‘sha davr holati tavsifiy kuchining ajoyib namoyishida:

    “Bu payt shaharlarda zamonaviy odam uchun tushunish qiyin bo‘lgan hidlar bor edi. Ko‘chalardan go‘ngning hidi kelar, ichki hovlilardan siydik hidi anqir, zinapoyalar chirigan yog‘och va kalamush axlatining hidini berar; oshxonalarni chirigan karam va qo‘y yog‘i; shamollatish tizimisiz xonalarni po‘panaklagan chang hidi bosgan; yotoqxonalar, yog‘ bosgan choyshablar, nam to‘shaklar va hojatxonaning o‘tkir hidi. Mo‘rilardan oltingugurt; terilardan oqartiruvchi kimyoviy modda; kushxonalardan ivigan qon hidi. Erkaklar va ayollardan ter va iflos kiyim hidlari; og‘izlarda infeksiyalangan tishlar va piyoz hidi, achchiq pishloq, nordon sut hidlari kelar edi. Daryolar, maydonlar, cherkovlar va ko‘priklar ham badbo‘y edi. Hatto qirol qassob qo‘lidagi hayvon kabi, malika esa yozda ham, qishda ham keksa echki kabi badbo‘y edi. Chunki XVIII asrda bakteriyalarning korroziyalashgan faolligi hali to‘xtatilmagan edi va shu sababli biror harakat, na ijodiy, na vayronagarchilik bo‘lsin, badbo‘y hidsiz ro‘y bermas edi”.

    Bosh qahramon Grenuy (familiyasi “qurbaqa” degan ma’noni anglatadi) dunyoning eng chirkin va badbo‘y joyida – Parijdagi baliq bozorida tug‘ilgan. Agar Fransiya yoqimsiz hid taratsa, uning poytaxti uni yanada yomonlashtiradi. Qabriston yonidagi baliq bozori, eng issiq kunlarning birida... Ammo Zyuskind bizga Jan-Batistga achinishimizga yo‘l qo‘ymaydi, aksincha, birinchi daqiqadan boshlab u qahramonining jirkanch ekanini aytadi, kitob nomidan esa bizni Grenuy qotil ekaniga ishontiradi. Patrik Zyuskind qahramonini yomon ko‘rishimiz uchun butun roman davomida ta’sir ko‘rsatadi.

    Grenuyning onasi, kimdandir foyda olish uchun turmush qurmoqchi bo‘lgan baliqfurush ayol, uni baliq ichak-chavoqlari orasida tug‘adi va boshqa bolalari bilan bo‘lgani kabi uni ham axlatga tashlab yuborib, hayotini davom ettiradi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, hamma narsa shu yerda tugashi mumkin va bu haqiqat, yangi tug‘ilgan chaqaloq yashab qolishi uchun iflos narsalar ichida qanday umidga ega? Ammo bola yig‘laydi, onasi go‘dakni o‘ldirmoqchi bo‘lgani uchun qamoqqa olinadi va qatl etiladi. Grenuy qo‘ldan qo‘lga o‘tadi, keyin esa unga g‘amxo‘rlik qilgan Tyeri ota bolaning umuman hidi yo‘qligini bilib qoladi. Tyeri hidsiz bolani u uchun juda mos bo‘lgan hidsiz Madam Gayyarning etimxonasiga olib boradi.

    “Parfyumer” filmidan kadr

    “Parfyumer” filmidan kadr

    Grenuy adashish, ruhiy jarohatlar bilan o‘sib-ulg‘ayish, kasalliklar, chandiqlar va og‘ir mehnatga mahkum bir go‘dak edi. Agar jamiyat uni qotil qilib tarbiyalagan, u yaxshi inson bo‘lib yetishishi mumkin edi deb o‘ylasak va uning qotil bo‘lib tug‘ilmaganiga hali ham shubha qilsak, muallif bu umidlarimizni uning onasi o‘ldirilgach, chaqaloqning tirik qolish uchun emas, qasos uchun chinqirganlikda ayblash orqali chilparchin qiladi. Hidining yo‘qligi esa uni kelajakdagi jirkanchliklarga yetaklaydi. U boshidan mahluq edi. U hayotni o‘jarlik va yovuzlik bilan ushlab qoldi.

    Grenuy o‘sadi, sevishni va sevilishni unutadi. U faqat hidlar bilan yashashga qiziqadi. Odam tanasiga tushgan kana singari uning hidini so‘rib yashaydi. Muallif ishlatgan taqqoslash bejiz emas. Kanani ovqatlantirgan har bir kishi oxir-oqibat yomon yakun topadi. Undan kimki yuz o‘girsa yoki kimni u tashlab ketsa hamma qahramonlar falokat yoki suiqasdlar natijasida o‘lib ketadi. Bu misol bilan muallif bizga yovuzlikni haydagan bilan uni tugamasligini aytayotganday.

    Yosh Jan-Batist bolalar uyidan chiqib terifurush msye Grimal uchun ishlashni boshlaydi. Bu bizni asarning eng asosiy qismlaridan biriga olib keladi: uning birinchi qotilligi. Nihoyat, uni mast qiladigan va ichki dunyosini buzadigan hidni topadi. U shunchalik ajoyib va hayajonli narsaga intiladiki, uni yo‘qotishdan qo‘rqadi va u bu hidni yosh bir qiz taratayotganini aniqlaydi. Inson tabiati o‘zi shunday, biz o‘zimiz qattiq xohlagan narsani qo‘lga kiritmagunimizcha ko‘zimizga hech narsa ko‘rinmaydi. Grenuy xuddi giyohvand kabi va u qizni o‘ldiradi. Uning bu qilmishi mohiyatiga ko‘ra unda ikki narsani qo‘zg‘atgan edi: hidni yo‘qotib qo‘yish tushkunligi va atirchi bo‘lishni xohlash. Kimnidir hayotidan mahrum qilish aybdorligi unda yo‘q edi. Uning maqsadi buyuk atirchi bo‘lish edi.

    Uni bu maqsad sari har xil yo‘llar olib boradi, har biri avvalgisidan dahshatliroq qotilliklardan iborat. Grenuy ismli yirtqich shunchaki unga hid yetishmasligi oqibatida odamlarning o‘zaro munosabatlari haqida qayg‘urmaslikga o‘rgangan, uning uchun dunyoda hidlardan boshqa muqaddas narsa yo‘q zombiga aylangan edi.

    Grasse shahrida butun umr izlagan hidni Laura Rishi ismli qizda topdi, bu hid o‘zi birinchi bo‘lib o‘ldirgan va hidini ololmagan o‘sha yosh qizning hidini eslatadi, lekin undan ham hushbo‘y, yanada mukammal. Agar biz gul haqida o‘ylasak, u hali gulbarglarini ochmagan, ammo allaqachon hid chiqarishni boshlagan g‘unchani tasavvur qilishimiz mumkin. Bu qizning xushbo‘y hidi Grenuyni o‘ziga jalb qiladi, maqsadi – dunyoda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi atirni yaratish edi...

    Xulosa

    Shubhasiz, asar juda ta’sirli. Har bir iborani va tavsifni tahlil qilish mumkin. Asar sizni XVIII asr atmosferasiga olib kiradi. Asarda mohirlik bilan ifoda etilgan Parijning turli joylarining hidlarini go‘yoki o‘zingiz his etasiz. Kitobda hech qanday ortiqcha narsa yo‘q. Fantaziyangizni ishga solsangiz, jirkanch va buyuk Jan-Batist Grenuy yaratgan dunyoning eng hushbo‘y atirining hidini ham his qilarsiz... Asardagi barcha hidlar ichida yurib, qog‘oz kitobning hidini unutib qo‘ymang.

    Iqtiboslar

    Hid – bu nafasning akasi;

    Raqibning rejasini topa olsangiz, ustunlik siz tomonda;

    Biror kishining baxtsizliklari uyida tinch o‘tirishni xohlamasligidan kelib chiqadi;

    Hidlarda, so‘zlar, dalillar, his-tuyg‘ular va irodadan ko‘ra kuchliroq ishonch bor. Xushbo‘y hidning ishonarli ekanini inkor etib bo‘lmaydi, u nafas olayotgan havo bilan o‘pkamizga kirib, bizni to‘ldiradi. Unga qarshi hech qanday vosita yo‘q;

    U har doim boshqa odamlar tomonidan sevilishni xohlagan, chunki uning o‘zi ularni sevmagani uchun ulardan nafratlangan.

    Qiziqarli faktlar

    - 1985-yilda nashr etilgan “Parfyumer” 47 tilga tarjima qilingan (o‘lik lotin tiliga ham) va sakkiz yil davomida eng ko‘p sotilgan kitoblar ro‘yxatida qolgan. U “G‘arbiy fronda o‘zgarish yo‘q” davridan beri nemis tilidagi eng mashhur romanga aylandi;

    “Parfyumer” filmidan kadr

    “Parfyumer” filmidan kadr

    - ko‘pincha roman muqovasida 1715–1716-yillarda chizilgan va hozir Luvrda saqlanadigan Jan Antuan Vattoning “Yupiter va Antiopa” kartinasidan parcha joylashtiriladi;

    - kitob zamonaviy musiqaga katta ta’sir ko‘rsatgan. Nirvana guruhi yetakchisi Kurt Kobeyn bu uning eng sevimli asarlaridan biri ekanini tan olgan; u 1993-yilda yozgan In Utero albomida “Parfyumer” ta’siri ostida yozilgan Scentless Apprentice qo‘shig‘i bor. Rammstein guruhining Du riechst so gut  qo‘shig‘i ham shunday yaratildi. Guruh etakchisi Til Lindemann ham Zyuskindning muxlisidir. Moonspell guruhining (Portugaliya) Herr Spiegelmann qo‘shig‘ida hatto romandan parchalar ham bor.

    Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

    Mavzuga doir:

    “Nihoyat u dengizda hech qachon yolg‘iz qolmasligini tushundi…” “Chol va dengiz” romani haqida

    “Davlat va vatan bitta narsa emas”. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani haqida

    Buyuk yozuvchining iqrori. “Iqrornoma” romani haqida

    Odamlar, bo‘rilar va gunohlar. “Qiyomat” romani haqida

    So‘zlar odamga o‘z fikrlarini yashirish uchun beriladi. “Qizil va qora” romani haqida

    Umri sayohatlarda o‘tayotgan avlod qissasi. Olga Tokarchuk nega adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini oldi?

    Shayton bilan kelishuv. Gyotening “Faust”i haqida

    Jamiyat inson ehtiyojlarini qondirmasa, yovvoyi qonunlar ishga tushadi. Uilyam Goldingning “Pashshalar hukmdori” romani haqida

    Ko‘rlar mamlakatida bir ko‘zlilar qirol bo‘ladi. Xose Saramagoning “Ko‘rlik” romani haqida

    19.11.2019, 15:42   Izoh (0)   93830
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Toshkent mineral suvi: Iskandar Zulqarnayndan hozirgi kungacha


    BI Group Toshkent BI Botanika Saroyi turar-joy majmuasini belgilangan muddatdan oldin foydalanishga topshirdi va sifat hamda muddatga sodiqligini tasdiqladi


    M-Clinic’da UZD bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirokida birinchi telemeditsina maslahati o‘tkazildi 


    Nega aynan bugun farzandingizga sarmoya kiritish muhim ahamiyatga ega?


    “Otang bozor, onang bozor”, qurilish do‘koni ochmoqchi bo‘lsang, Tashkent INDEX’ga bor


    Jahon banki O‘zbekistonda elektr taʼminotini yaxshilash uchun 100 mln dollar ajratdi


    TENET: Sodiq Azimov ko‘chasidagi Stellar Residence premium rezidensiyalari galereyasi


    Hyundai Uzbekistan sizni Before Service tadbiriga taklif etadi


    O‘zbekistonda token chiqarish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan


    “A.M. Best Company” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest” kompaniyasi reytinglarini “Barqaror” prognoz bilan “b”/“bb” darajasida tasdiqladi


    Uzbekistan Airways Islomobodga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda


    Biznesni rivojlantirish banki Londonda kelishuvlarga erishdi


    Central Asian University ta’lim va tibbiyot yangi ekotizimiga 350 million dollarlik sarmoya kiritmoqda


    “Trastbank”dan kichik biznes egalari uchun 500 mln so‘mgacha kredit!


    Silk Avia kattalarsiz sayohat qilayotgan bolalarga hamrohlik qilish xizmatini taklif etadi 

     

    Tavsiya etamiz

    “Yovuzlik imperiyasi zaminimizga hech qachon qaytmasligi uchun” — jamoatchilik o‘roq-bolg‘ali qizil bayroq va qora-olovrang lentani taqiqlashni so‘ramoqda

    13 may, 22:22

    Ular doim dunyoda eng yaxshilaridan bo‘lgan — pokistonlik harbiy uchuvchilar haqida

    12 may, 21:30

    Si va Putin tandemi: Rossiya va Xitoyning “chegarasiz do‘stligi” Markaziy Osiyodagi muvozanatga qanday ta’sir qiladi?

    12 may, 19:00

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    IFFHS: Barcha davrlarning eng zo‘r 10 nafar futbolchisi nomi ma’lum bo‘ldi (top-10)

    Sport | 18 may, 18:10

    Jeff Bezosning qallig‘i Parijda dabdabali qiz bazmini o‘tkazdi

    Layfstayl | 18 may, 17:55

    Xitoy kompaniyasi Surxondaryoda avtomobil zavodi qurishni taklif qildi

    O‘zbekiston | 18 may, 17:25

    “Manchester Siti” ikkita futbolchi uchun salkam 185 mln yevro sarflashga tayyor

    Sport | 18 may, 16:56
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.