Jizzax viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va lo‘lilar uchun yangi turar joy mavzelari qurilmoqda.
Paxtakor tumanidagi “Oltinko‘l” va “Olmazo”r mahallalarida 35 gektardan ziyod yer maydoni ajratilib, 3200 nafar fuqaro uchun 780 ta yangi uy bunyod etildi. Hozirda obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Yangi mavzelarda ayollar bandligini ta’minlash uchun 2 ta tikuv sexi ham qurildi. Ayniqsa, hudud infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 10 kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llari, 8 kilometr elektr, 3 kilometr suv tarmoqlari tortildi. Maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib berildi. Buning uchun davlat tomonidan 150 milliard so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.
“O‘tgan asrning 60-yillarida qurilgan, hozirda turmush uchun yaroqsiz holga kelib qolgan uylarda yashab kelayotgan lo‘lilar uchun zamonaviy uy-joylarga ega bo‘lish, albatta, tarixiy voqea. Chunki shu paytga qadar ularning holidan hech kim xabar olmaganligi – bor haqiqat.
Endi Paxtakor tumanida og‘ir sharoitda yashab kelgan lo‘li millatiga mansub aholi ham barcha fuqarolarimiz qatori munosib turmush kechiradi. O‘z uyi, ish joyiga ega bo‘ladi. Ularning qay biri bilan suhbat qurmang, Prezidentning bu e’tibori va g‘amxo‘rligiga minnatdorlik bildirib, hayotga bo‘lgan qiziqishi va ishonchi ortib borayotganligini ta’kidlamoqda”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)