6–8-noyabr kunlari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Jizzax viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi va Jizzax viloyati hokimligi bilan hamkorlikda viloyat agroturistik, ekoturistik, etnoturistik va gastroturistik salohiyatlarini targ‘ib qilish maqsadida “Oltin kuz – 2019” agrofestivali o‘tkazildi. Tadbirda “Daryo” vakillari qatnashdi.
Festivalda O‘zbekistonning barcha hududlaridan va qo‘shni davlatlardan kelgan turoperatorlar, OAV vakillari ishtirok etdi. Uch kun davom etgan festival tadbirlari viloyatning Zomin, Baxmal tumanlari va Jizzax shahrida o‘tkazildi.
Festivalning ilk kunida mehmonlar Sharof Rashidovning 102 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi. Zulfiyaxonim va Hamid Olimjon muzeyi, Sharof Rashidov davlat muzeyini tomosha qilishdi. So‘ng “Buyuk ipak yo‘li karvoni Jizzax bo‘ylab” nomi ostida Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab otlar va tuyalardan iborat karvon bilan yurish tadbiri o‘tkazildi. Bu yurishda festival ishtirokchilari bilan birgalikda Jizzax shahri aholisi ham qatnashdi.
Festivalning ikkinchi kunida qatnashchilar Baxmal tumani, Oyqor qishlog‘idagi Agro Natural Invest fermer xo‘jaligida tashkil etilgan “Olma hashari” saylida olma terish hasharida qatnashdi va milliy dasturxon, milliy udumlar, konsert dasturlari, milliy sport o‘yinlari, hunarmandchilik master-klasslarini tomosha qildi.
Festivalning uchinchi kuni Zomin tumanida o‘tdi. Shundan so‘ng festival qatnashchilari “O‘razboy” mehmon uyida milliy taomlar va udumlar master-klassi, g‘ilmindi, qozon patir, qo‘lda sholcha to‘qish, milliy kiyimlar namoyishini tomosha qildi.
Izoh (0)