AQShda 13—16 yoshli o‘smirlarning 42 foizi TikTok videodasturidan foydalanmoqda. Bu ko‘rsatkich Facebook’dan foydalanuvchilar ko‘rsatkichini bir foizga ortda qoldirmoqda. Bu yosh guruhida eng ommabop dasturlar sifatida 68 foiz bilan Snapchat va 79 foiz bilan Instagram qolmoqda. Bu haqda “Vc.ru” xabar berdi.
Xitoyning ByteDance kompaniyasi tomonidan yaratilgan TikTok dasturi O‘zbekistonda ham ommalashdi. Spot’ning yozishicha, TikTok joriy yilning oktabr oyi o‘rtasida O‘zbekistonda iOS va Android tizimlarida eng ko‘p yuklanadigan dasturlarning Top-5 ligiga kirdi.
TikTok qisqa musiqiy video yaratishga, jonli efirlarni amalga oshirishga va xabar almashishga imkon beruvchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. 2016-yilning sentabr oyida ishga tushirilgan dastur Xitoyda qisqa videolar bo‘yicha yetakchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi.
Dastur dunyoning boshqa mamlakatlarida ham ommalashib, eng ko‘p yuklanadigan dasturlardan biriga aylanmoqda. Ayni paytda dasturdan 150 ta mamlakatda 500 milliondan ortiq kishi foydalanadi. Dastur foydalanuvchilari asosan o‘smirlar hisoblanadi.
Dastur Xitoyning ByteDance kompaniyasi tomonidan 2016-yilning sentabr oyida ichki bozor uchun Douyin nomi ostida ishga tushirilgan. Keyinchalik dasturning nusxasi TikTok nomi ostida xalqaro bozor uchun ishga tushirilgan. Bu kompaniyaga o‘z mamlakati qonunlarini buzmagan holda xalqaro miqyosda rivojlanishga imkon berdi.
Izoh (0)