Odamzot koinotni anchadan buyon kuzatadi. Qadimgi munajjimlardan boshlab eng zamonaviy kosmik rasadxonalargacha bo‘lgan fazoviy kuzatuvlarimiz bizga koinot haqida juda ko‘p bilimlarni taqdim etgan. Biroq koinotda hozirgi eng taraqqiy etgan ilmiy texnologiyalarimiz ham tagiga yeta olmayotgan sir-asrorlar borki, maqolada ularning eng asosiylari haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
1. Quyoshdan 50 astronomik birlik masofasida, ya’ni Koyper belbog‘i tugaydigan joyda nima sababdandir yirik obyektlar soni keskin ortadi. O‘sha joyda bunday yirik obyektlar soni 50 astronomik birlikdan avvalgidan taxminan 2 marta ko‘payadi. Buning astronomlar tushuntirib bera oladigan tayinli izohi yo‘q. Mantiqan qaralganda, Quyoshdan bu qadar olislashganda fazoda osmon jismlari soni siyraklashib, ularning o‘lchami ham kichiklashishi kerak. Lekin biz aytgan misol bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
2. Quyosh tojining qizishi. Bu, haqiqatan ham, ko‘p yillardan beri eng o‘tkir astrofiziklarni ham o‘ylantirib kelayotgan fenomendir. Chunki Quyosh toji Quyosh sirtidan tashqariga chiqqan, qaynoq plazma bilan to‘ldirilgan soha bo‘lib, lekin negadir aynan toj harorati millionlab darajagacha qiziydi. Vaholanki, Quyosh sirtining o‘zida harorat 6000 daraja atrofida xolos. Albatta, olimlarda Quyosh tojidagi magnitodinamika shunday jarayonga sabab bo‘lishi haqida umumiy tushunchalarga egalar. Biroq fenomenning mohiyati hanuz ilm-fandan panada qolib kelmoqda.
3. Fermi shishlari – nisbatan yaqinda (2010-yilda) ochilgan kosmik hodisot bo‘lib, o‘shanda FERMI/LAT rasadxonasi galaktikamizning yuqorirog‘ida joylashgan g‘alati strukturalarni qayd etgan edi. Ushbu struktura o‘zidan gamma va rentgen nurlari taratadi. Lekin bu obyekt o‘zi nima ekani, qanday tuzilgani va o‘zini qanday tutishini hech qanday ilmiy nazariya aytib bera olmayapti. Aftidan, bu bizning galaktikamizdagi qora tuynukning bir zamonlar yon-atrofdagi boshqa galaktikalarga qilgan ta’siri mahsuli bo‘lsa kerak. Bizda shu kabi taxminlar bor, xolos.
4. Fermi paradoksi – xo‘sh, qani ular? Bu koinotda Yerda boshqa joylarda hayot bormi yoki yo‘qmi degan savolni o‘rtaga tashlovchi paradoksdir. Unga ko‘ra, koinotda aniqlangan hozirgi fanga ma’lum trillionlab galaktikalardagi milliardlab yulduzlardan atigi 0,001% qismida Yerga o‘xshash sharoitlarga ega sayyora bo‘lib, undan atigi 0,001% qismida hayot bo‘lganida ham va undan atigi 0,001% qismida hayot ongli mavjudotlar darajasigacha rivojlangan bo‘lgan taqdirda hozirda biz koinotda kamida yuzlab o‘zga sayyoraliklarga duch kelgan bo‘lardik. Lekin ularni shu chog‘gacha ko‘rmadik, payqamadik. Xo‘sh, ular qayerda? Ushbu savol, shubhasizki, nafaqat astronomlar uchun, balki barcha uchun ham birdek qiziq sinoat bo‘lsa kerak.
5. Mavhum materiya va mavhum energiya. Bu masala nafaqat zamonaviy astronomiyaning, balki butun boshli fizikaning eng markaziy masalalaridan biridir. Biz hozirda qo‘limiz bilan ushlab, ko‘zimiz bilan ko‘rib, his qila oladigan materiya koinotda atigi 5% ulushni tashkil qiladi, xolos. Qolgan 95% koinot moddasi esa olimlar nimaligini bila olmayotgan sirli va mavhum materiya hamda mavhum energiyadan iborat. Jahonning eng yetakchi ilmiy dargohlarida olimlar aynan shu ikki fenomenni “tutish”, “payqash” ustida izlanmoqdalar. Biroq uning sirini hozircha hech kim ocholmadi.
6. O‘ta yangilar qanday portlaydi? Yulduz hayotining so‘ngi bosqichida kollapsga uchrab, o‘ta yangi sifatida portlaydi. Bu jarayonning nazariy asoslarini astrofiziklar nisbatan yaxshi bilishadi, biroq kollaps aynan qachon va qaysi bosqichda to‘xtab, favqulodda kuchli portlashga aylanishini tushunishga fan hamon ojizdir. Aytishlaricha, so‘ngi oylarda e’lon qilingan ilmiy maqolalardan birida olimlar buning tagiga yetishganini e’lon qilinganmish. Agar bu rost bo‘lsa, demak, koinot sirlari bittaga kamaydi deb hisoblashimiz mumkin.
7. Gamma-chaqnashlari tabiati. Gamma chaqnashlarida koinotga bir necha lahza yoki ko‘pi bilan bir necha soat ichida shu darajada katta miqdorda energiya sochilib tarqalib ketadiki, ushbu energiya miqdori Quyosh butun umr ishlab chiqargan energiya miqdoridan ham ortiq bo‘ladi. Bunday o‘ta kuchli gamma chaqnash energiya nurlanishlarini qayerdan olishi mexanizmining siri noma’lum.
8. Modda-antimodda asimmetriyasi. Fizikadan boxabar odamlar bilishsa kerak, tabiatda barcha zarrachaga zaryad ishorasi qarama-qarshi bo‘lgan antizarra to‘g‘ri keladi. Masalan, manfiy zaryadli elektronning musbat zaryadga ega pozitron nomli simmetrik jufti bor. Biroq koinotda bizga tanish oddiy antimoddadan ko‘ra ko‘proqdir. Ya’ni ularning o‘zaro proporsiyasida oddiy modda ko‘plik qiladi va simmetriya yaqqol buziladi. Balki koinotning bizga noma’lum uzoq sarhadlarida faqat antimoddadan tuzilgan materiya (yulduz, sayyora va hokazo) tiqilib yotgandir. Lekin bu savol zamonaviy subatom zarralar fizikasidan tortib astrofizikagacha uzoq yillardan beri ham yechimini kutayotgan sirlar sirasida qolib kelmoqda.
9. Pulsarlarning magnitosferasi. Pulsarlarning radioto‘lqin taratishi modellari hali ham aniqlanmagan. Pulsarlar kashf etilgan o‘sha 1968-yil, ya’ni deyarli 50 yildan buyon olimlar ushbu radioto‘lqinlar manbasi nimada ekanini bilolmay xunobdirlar.
10. Xabbl anomaliyasi. Xabbl qonuniga binoan, bizdan teng masofada uzoqda joylashgan turli galaktikalarning bizdan uzoqlashish tezligi ham bir xil bo‘lishi kerak. Ya’ni bunday galaktikalar taxminan teng qizilga siljish qiymatiga ega bo‘lishi lozim. Biroq ko‘plab galaktikalarning bizdan qochish tezligi bu qonunga bo‘ysunmaydi. Ularning harakati tahlil qilinsa, tezlikka ta’sir qiluvchi va bizdan panada bo‘lgan yana nimadir borligi ma’lum bo‘ladi. Bu “nimadir” bizdan 65 parsek masofada joylashgani ma’lum. Olimlar unga hatto nom ham topib qo‘yishgan - “Buyuk attraktor”. Lekin bu “buyuk zoti oliylarining” o‘zi nima ekanini hech kim bilmaydi. Biladiganimiz shuki, u o‘ziga yaqin galaktikalarni qochib ketishiga yo‘l qo‘ymay, ularning harakatini sekinlashtirmoqda.
Biz koinotga oid bo‘lgan va hozirgi zamon fani uchun ham sir bo‘lib qolayotgan ayrim muhim asrorlar bilan tanishdik, xolos. Vaholanki, koinotda sir-sinoat aslida bundan-da ko‘p...
Muzaffar Qosimov tayyorladi
Izoh (0)