AQSh Eronning 9 nafar fuqarosini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Qo‘shma Shtatlarning moliya vazirligiga ko‘ra, mazkur shaxslar Oyatulloh Ali Xomanaiy tomonidan tayinlangan yoki uning manfaatlari doirasida faoliyat yuritadi. Ular orasida Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Bagiriy va Oyatullohning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy ham bor.
“Bu harakatlar Ali Xomaniyning harbiy va xorijiy maslahatchilari tarmog‘iga mablag‘lar kelib tushishining oldini olishga qaratilgan”, — deyiladi vazirlik bayonotida.
Vazirlik ushbu qaror AQShning Erondagi elchixonasi qo‘lga olinganiga 40 yil to‘lgan sanada qabul qilinganini eslatgan. 1979-yil 4 noyabrda Tehrondagi elchixona talabalar guruhlari a’zolari tomonidan ishg‘ol qilinib, 50 nafardan ortiq amerikalik diplomat va fuqarolar 444 kun davomida tutqunlikda ushlab turilgan.
Izoh (0)