“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.
BRIKSning mohiyati nima?
BRIKS qisqartmasi Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rtasida tuzilgan iqtisodiy tashkilotni anglatadi. Bu davlatlarning to‘rttasi dunyoda AQSh yetakchiligiga qarshi harakat qilayotgan avtoritar davlatlar sirasiga kiradi. Bular Si Szinpin, Vladimir Putin, Jair Bolsanaro va Narendra Modilardir. Xo‘sh, ularni nima birlashtiradi?
The Bloomberg nashrining yozishicha, BRIKS alohida moliyaviy ahamiyatga ega emas, ammo uning siyosiy ahamiyati kattadir.
Ularning turli darajadagi iqtisodiy o‘sish sur’ati ham muhim emas, ammo bu tashkilot a’zolari o‘zgarib borayotgan dunyoda siyosiy jihatdan birlashgani muhimdir. Asr boshidan beri Xitoy va Hindiston rivojlanishning yuqori darajasini qayd qilib kelmoqda. Rossiya va Janubiy Afrika 2005-yildagi, Braziliya 2010-yildagi iqtisodiy inqirozlar sabab rivojlanish borasida past ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda. Albatta, bu davlatlar asr boshidan beri o‘z qudratini sezilarli darajada mustahkamlab oldi. Ammo bu asosan Xitoy va Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Rossiya, Braziliya va Janubiy Afrika Respublikasining ishlab chiqarishdagi hajmi 2000-yildagidan ancha pasaydi.
Besh mamlakatning iqtisodiy modellari va siyosati ham turlicha bo‘lgani sababli ularning kredit reytinglari ham bir-birinikidan tubdan farq qiladi. Ammo shunda ham ular dunyo siyosatiga ta’sir etishda muhim o‘rin tutib kelmoqda.
S&P Golden Ratings iqtisodiy tahlili jadvaliga ko‘ra, Xitoy kredit reytingida A+ reytingga ega bo‘lib to‘rt pog‘ona yuqoriladi. BRIKSning qolgan a’zolari: Rossiya va Hindiston Xitoydan besh pog‘ona pastda bo‘lsa, Janubiy Afrika Respublikasi yeti pog‘ona, Braziliya sakkiz pog’ona pastda qolmoqda.
Siyosiy ta’sir borasida gap ketganda BRIKS faoliyati “Katta yigirmatalik” (G20), “Katta yettilik” (G7) faoliyatidan samaraliroq kechmoqda. G7 biror-bir masalada bir to‘xtamga kela olmayotgan bo’lsa, G20 moliyaviy masalalarda kelajak haqida qayg‘urmoqda.
Bu orada BRIKS davlatlari bir-birini yaxshi anglab harakatlanayotgan, kerak bo‘lganda bir-biriga ko‘mak berayotgan siyosiy guruhga aylanib ulgurdi. BRIKSga a’zo mamlakatlar har yili sammit o‘tkazmoqda. Navbatdagi sammit noyabr oyida Braziliyada o‘tkazilishi belgilangan. Xalqaro moliyaviy tashkilotlarda rahbarlik maqomini egallay olmay kelgan bu davlatlar rivojlanayotgan dunyoda turli infratuzlimalarni moliyalash maqsadida o‘z taraqqiyot bankini tashkil etdi. Mazkur bank o‘z faoliyatini boshlaganidan to‘rt yil o‘tib, kredit berish mablag‘larini 10,2 milliard dollarga yetkazdi. Bu katta mablag‘ bo‘lmasa-da, ammo yangi taraqqiyot bankining to‘langanlik ko‘rsatkichi bo‘yicha boshqa xalqaro banklarnikidan havas qilsa arzigulik.
Xalqaro munosabatlarda iqtisodiy qudrat hal qiluvchi, lekin mamlakatning qudratli sanalishi uchun bu yagona mezon emas. Rossiyaning harbiy qudrati va uning tavakkalga tayyorligi avtoritar rejim bo‘g‘ib yotgan samarasiz iqtisodiyotga qaramasdan uni dunyoviy ahamiyatga molik o‘yinchiga aylantirmoqda. Braziliya va Janubiy Afrika Respublikasi o‘z iqtisodiyotlarini uquvsizlik bilan boshqaraytganiga qaramay, mintaqalaridagi yetakchi davlat bo‘lib qolmoqda. Shundan ham S&P Golden Ratings o‘z tahlillarida BRIKSning siyosiy ahamiyatiga urg‘u bermoqda.
Bu mamlakatlar Osiyo va Afrikaning zich joylashgan aholiga ega va tez rivojlanayotgan mamlakatlari singari dunyo moliyaviy tizimida autsayderlar bo‘lib qolmoqda. Bu tizimda AQSh va Yevropa ishlab chiqarish darajasi qisqarib borayotgan bo‘lsa-da, rahbarlik qilishda davom etmoqda. Raqobat esa davom etaveradi, BRIKS mamlakatlari ham dunyo siyosatiga ta’sir o‘tkazishda davom etadi.
Masjidlar diplomatiyasi
Misrda chop etiladigan Noon Post nashri musulmon mamlakatlarida mashhur bo‘lib borayotgan masjidlar diplomatiyasi haqida maqola chop etdi. Nashr mualliflari nazarida musulmon mamlakatlari masjidlar orqali ta’sir doirasini xorijda yoyishga intilmoqda. Bu esa diplomatiyaga yangi atama – masjidlar diplomatiyasini kiritdi.
Turkiya va Usmonlilar saltanati sog‘inchi
Erdo‘g‘on rahbarligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi hokimiyat tepasiga kelmasdan avval Turkiya hukumati chet el naryoqda tursin, mamlakat ichkarisida ham masjid qurishga qiziqmas edi. Hozir esa bu masalaga yondashuv o‘zgardi va karvon yo‘lga tushdi.
Usmonlilar saltanati vorisi sifatida Turkiya diniy masalalar bilan shug‘ullanadigan jamiyatlarni qo‘llay boshladi: Lotin Amerikasidan tortib Osiyo va Afrikagacha bo‘lgan davlatlarda masjid qurish, qayta qurishga homiylik qilib kelmoqda. Rasmiy Anqara bu siyosatni yurgizishda diniy ishlar qo‘mitasini va Usmonlilar merosini qayta tiklashga mas’ul bo‘lgan Turk agentligi qoshida maxsus jamg‘arma tashkil etib, ulardan keng foydalanmoqda.
2018-yil sentabr oyida Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Kyolnda Yevropadagi eng katta masjidni ochilishida ishtirok etdi. Shu oyda Bishkekda imom Siraxsiy masjidi ochilishi marosimida qatnashdi. Ayni paytda ushbu masjid Markaziy Osiyodagi o‘z bag‘riga 30 ming musulmonni sig‘dira oladigan masjid bo‘lib turibdi.
Turkiya Belarus poytaxti Minskda maydoni 2 800 kvadrat kilometr bo‘lgan masjid ochilishi uchun 7 million dollar mablag‘ sarf etdi.
2016-yilda g‘arbiy yarim sharda eng ko‘p musulmon jamoasi istiqomat qiladigan Merilend shahrida islom madaniyati markazi va masjid ochilishida ishtirok etdi.
Turkiya hozir Kuba, Ruminiya va Venesuelada ham masjid qurish rejalari borligini aytmoqda.
Turk hukumati bayonotiga ko‘ra, G‘arb va Sharqda masjid qurishdan bosh maqsad sunniylikni yoyish va ekstremizmga qarshi kurashishdir. Ammo ayrim siyosiy tahlilchilar nazarida, asosiy maqsad bu mamlakatlarda turk diplomatiyasi ta’sirini kuchaytirishdan iborat. Shu dimplomatiya tufayli Erdo‘g‘on G‘arbda istiqomat qiluvchi turk vatandoshlari orasida o‘z obro‘sini mustahkamlab oldi.
Saudiya Arabistoni qirollari xizmatidagi vahhobiylik
Dindan siyosiy maqsadlarni ko‘zlayotganlar orasida Turkiya yagona emas. Saudiya Arabistoni ham har yili 2–3 milliard mablag‘ni vahhobiylik diniy oqimini yoyish va masjidlar qurishga sarflab kelmoqda.
Kosovodan tortib Jakartagacha, Buyuk Britaniyadan tortib AQShgacha o‘z diniy ta’limotini yoyish maqsadida diniy maktablarda imomlarni tarbiyalamoqda va diniy maktablarning o‘quv qurollarini olib berishga ko‘maklashmoqda.
1982-yilda Saudiya Arabistonida bir qator masjidlar ochilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Ulardan biri Ahmad Seku Ture masjidi bo‘lib, mazkur masjid Sahroi Kabirdan janubda joylashgan mintaqadagi eng yirik masjiddir.
Bunday ko‘mak 1980-yillar boshlarida boshlangan bo‘lib, natijada salafiylar musulmon jamoati orasida eng qashshoq aholi qatlamidan, Afrikaning qashshoq musulmon jamoasi orasida ta’limoti eng obro‘li bo‘lgan diniy jamoatga aylandi. O‘sha kezlarda bunday ta’limot ta’limdan benasib qolayotgan aholi orasiga jilla qursa madaniyat olib keladi, bilim olib keladi deb qaralar edi.
Bundan tashqari, 1970-yillarda yevropaliklar nazarida ar-Riyod masjid qurishga kirishib ketgani bugungidek ahamiyatga ega emas edi. Yevropa bugun ana shu beparvolik badalini to‘layotgan bo‘lsa ne ajab.
Ammo tez orada ar-Riyodning Yevropa qit’asida masjidlar qurish maqsadi yo‘qqa chiqa bordi. Saudiya masjidlarga boshchilik qilish g‘oyasidan voz kechdi. Buning boisi Belgiya hukumati Saudiya Arabistonini ekstremizm va radikal kayfiyatni targ‘ib qilayotganlikda ayblashi edi. Bu esa masjid imomlari mahalliy musulmon jamoasi bilan muloqot qilishiga yo‘l ochdi.
Poygaga qo‘shilayotgan BAA
2010-yil oxirida Birlashgan Arab Amirliklari moliya vaziri Hamdam ibn Rashid Rotterdamda 3 ming o‘ringa mo‘ljallangan masjidning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Oradan to‘rt yil o‘tib, BAA hukumati Falastinda kattaligi jihatidan al-Aqso masjididan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan masjid barpo etdi. Bu masjid BAA prezidenti shayx Xalifa ibn Zayd an-Nahayon sharafiga nomlandi.
BAAning bu siyosati nafaqat diniy, balki siyosiy bo‘lib, behisob mablag‘lar hisobiga qisqa vaqt ichida taraqqiy etgan BAA mamlakati imijini yoyish uchun ham kerak bo‘lmoqda.
Qatar: raqobat davom etadi
2016-yilda Qatar Italiyada 43 ta masjid qurish uchun 25 million dollar mablag‘ ajratdi. Ispaniya hukumati esa Qatarga mamlakatda 2020-yilgacha 150 ta masjid qurishga ruxsat berdi. 2011-yildan 2014-yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Qatar nodavlat tashkiloti sanaladigan Qatar Foundations orqali Shveysariyaning Bern, Naushatel va Tichino kantonlarida beshta loyihani amalga oshirish uchun 4 million frank mablag‘ ajratdi.
Hududi jihatidan ancha kichik bo‘lgan Qatar bugun Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solish borasida xalqaro munosabatlarda to‘laqonli subyekt darajasiga ko‘tarilib oldi.
Eron eksporti
Eron ham Yaqin Sharqda va Afrikada ta’sir doirasini yoyishga intilib, faollik ko‘rsatmoqda. Rasmiy Tehron Iroq, Suriya, Livan, Bahrayn, Yamanda shialik oqimini kengaytirishni yo‘lga qo‘yib olgan. Bu mamlakatlarda bo‘layotgan so‘nggi paytdagi siyosiy jarayonlar Eron siyosatining yaqqol misolidir.
Avvallari Afrika mamlakatlarida shialik mazhabi mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, ayni paytda Afrikada shia mazhabiga mansublar soni bir milliondan oshib ketdi.
Marokash hukumati qo‘l ostidagi so‘fiylik
Afrika va Yevropa qit’asida Marokash hukumatiga qarashli ko‘plab masjdilar faoliyat yuritib kelmoqda. Marokash dindan o‘z milliy manfaatlari yo‘lida foydalana boshlashi 1980-yillarga borib taqaladi. O‘sha kezlarda Marokash Afrika Ittifoqidan chiqib ketadi va faol tarzda dindan o‘z nufuzini oshirishda foydalana boshlaydi.
Marokashda mashhur bo‘lgan so‘fiylik ta’limoti Marokash hukumatining Afrikadagi diniy diplomatiyasini yuritishda qo‘l kelmoqda. So‘fiylik ta’limoti namoyandalari va maktablari Afrikaning turli mintaqalarida, xususan, G‘arbiy Sahroyi Kabir muammosi masalalarida Marokash milliy manfaatlariga zid kelgan taqdirda lobbbistlar qarshiligiga ham uchramoqda. G‘arbiy Sahroyi Kabir masalasida qabul qilinayotgan bitimlarda Jazoir yoki Polisario frontiga yon bosishga urunish holati mavjud bo‘lgan holda so‘fiy jamoati bu bitimni Marokash manfaatlarini ham hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqishga undab kelmoqda.
Kechikkan e’tirof
Seshanba kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi 35 yil davomida ilk marotaba armanilarga qarshi genotsid uyushtirilganini tan oldi, deb xabar beradi The New York Times nashri.
Milliondan ortiq armanini yo‘q qilgan Usmonlilar saltanati harakatini genotsid deya tan olish bilan AQSh buni tan olgan 30 ta davlat qatoriga qo‘shildi.
Vakillar palatasida qabul qilingan qaror armanilar uchun katta ahamiyatga ega. Shuningdek, qaror AQSh tashqi siyosati uchun haqiqat qanchalik muhim ekanini yodga soladi.
Usmonlilar uyushtirgan genotsid allaqachon isbotlangan. 1915-yilda boshlangan bu qirg‘in vaqtida AQShning o‘sha vaqtdagi elchisi Genri Morgentau Vashingtonga “butun xalqning qirg‘ini bo‘lyapti” deb xabar yuborgan. Hozirda AQSHning Suriya tasarrufida bo‘lgan Halabdagi konsuli Vashingtonga “armani xalqini butunlay yo‘q qilishning batafsil ishlab chiqilgan rejasi” haqida xabar yuborgan edi.
XX asr boshlarida “genotsid” atamasi mavjud emas edi. Bu atama keyinchalik – 1944-yilda gitlerchilar yahudiylarni qirg‘in qilayotganidan g‘azablangan polshalik yahudiy, yurist Rafael Lemkin tomonidan ilk marta ishlatilgan.
Bugun AQShda 2 millionga yaqin armani istiqomat qiladi; ular armanilar qirg‘inini yaxshi eslaydi va xotira marosimlari o‘tkazib turadi.
Vakillar palatasi armanilarga qarshi genotsidni 1984-yilda tan olgan bo‘lsa-da, Kongress ham, respublikachilar ham, demokratlar ham Turkiyani ranjitmaslik maqsadida “armanilarga nisbatan genotsid” iborasini ishlatmay kelardi. Amerikalik armanilar esa genosid tan olinishi uchun kurashib keldi.
Nega bu e’tirof bugun yangramoqda? Bu savol ikkita xulosa chiqarishga yordam beradi:
Birinchidan, AQShning sha’ni va obro‘si uchun Vashingtondagi amaldorlar haqiqatni gapirish imkoniga ega bo‘lishi kerak.
Turkiya AQShga qarshi kayfiyatga berilmasligi uchun ko‘p yillar mobaynida bu ochiq aytilmay kelindi. 2005-yilda AQShning Armanistondagi elchisi Jon Evans armanilar qirg‘ini XX asrning ilk genotsidi deb ta’kidlagan paytda rasmiy Vashington elchisini Yerevandan zudlik bilan chaqirtirib olgan edi.
Ikkinchidan, bezori zo‘ravon uning usullari ish berayotganini ko‘rsa, avjiga chiqishi bor gap. Buni Saudiya va Xitoy po‘pisalariga javob berayotganda nazarda tutish darkor. Turk hukumati har yili turk manfaatlarini himoya qilish uchun lobbistlarga millionlab dollar xarj qiladi. Obama prezidentligi davrida bu harakatlar uchun Turkiya 12 million dollar sarflagani ham bor gap. Ayni vaqtda Turkiya rahbariyati genotsid tan olingani uchun javob harakatlari bilan AQShga tahdid qilmoqda. Rasmiy Anqara yirik AQSh kompaniyalari bilan savdo bitimlarini to‘xtatib qo‘yish, Iroqdagi AQSh kuchlari ta’minoti bilan shug‘ullanmaslik va hattoki xavfsizlik borasida amerikaliklar bilan oldi-berdi qilish bilan tahdid qilmoqda.
AQSh oliy qo‘mondoni Turkiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi beqaror mintaqada nimalarga yetaklashi mumkinligidan sergak tortdi. Nima bo‘lganda ham, Turkiya munosabatlar yomonlashuvidan ko‘p narsadan mahrum bo‘lishi bor gap.
Erdo‘g‘on hukumati AQSh bilan munosabatni uzib, Rossiya va Xitoyga yuz buradigan bo‘lsa, bu siyosat armani genotsidining tan olinishidan emas, aksincha, Erdo‘g‘on Rossiya va Xitoydagi singari repressiv hukmdor ekanligidan dalolat bo‘ladi.
Vakillar palatasi ortidan AQSh Senati va prezidenti ham armanilarga qarsjo uyushtirilgan genotsidni tan olishi kerak.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)