“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni uch yildan buyon obodonlashtirish boshqarmasida gulchi bo‘lib ishlayotgan ayol.
Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.
Maktabni bitiriboq oila qurganman. O‘qib, biror kasb egallashga sharoitim bo‘lmagan. Rahmatli turmush o‘rtog‘im shahar obodonlashtirish bo‘limida suvchi bo‘lib ishlardi. Men esa bolalarimni tarbiya qilib uyda o‘tirardim.
Xo‘jayinim qo‘li gul usta bo‘lgan. Ancha yillar oldin hovlida kattagina qurilish boshlab qo‘ygan, lekin ko‘pdan beri qolib ketayotgandi. Ularni tezroq bitirish kerak edi. Shuning uchun siz uylarni oxiriga yetkazing, o‘rningizga men ishlayman deb o‘rin almashganmiz. Axir kimdir ishlab uyga pul olib kelishi kerak edi. Xullas, shunday qilib erimning o‘rniga men gulchi bo‘lib ishga joylashganman.
Gullar insonga boshqacha zavq beradi
Hamkasblarim bilan shahrimizning markaziy ko‘chalariga gul ekamiz. Bu insondan katta mahorat talab qiladi. Sababi, chizig‘ini chizig‘iga qilib shunday gul ekishingiz kerakki, siz chiqargan fantaziya uzoqdan qaraganda boshqalarga ko‘rinishi kerak. Ekkanda ham gullarning shakli ko‘rinishi, hammasi bir-biriga hamohang bo‘lishi kerak.
Kuch-g‘ayratim bo‘lsa, yana ishlardim
Ish vaqtim soat 8:00 dan 16:00 gacha. Oyligim 700 ming so‘mdan oshadi. Ishdan kelib bolalarimga ovqat qilaman, uyni yig‘ishtiraman. Shu bilan kun kechkiradi. Yosh o‘tgan sari ayol kishining ko‘p narsaga qurbi yetmay qolarkan. Kuch-g‘ayratim bo‘lsa qani, har qancha ishlashga rozi edim. Biroq hozircha ishim shu. Ba’zida uyda “zakaz”ga kelinlarning ko‘rpa-to‘shagini qoviyman.
700 ming so‘m bir oyga yetadimi?
Yetsa ham, yetmasa ham nima qilaman, mayli Alloh barakasini bersin. Qo‘shimchasiga voyaga yetmagan qizimga 250 ming so‘m davlatdan yordam puli olaman. Yaqinda kreditga “tefal”, dazmol, televizor oldim. Kredit to‘lab, ro‘zg‘orimni tebratib yuribman.
Bu hayotda oson ishning o‘zi yo‘q
Yil o‘n ikki oy tashqarida ishlash ayol kishiga biroz og‘irlik qilarkan. Ayniqsa yoz oylari saratonda ishlash juda qiyin bo‘ladi. Agar qishda ham tadbir yoki kattaroq mehmon keladigan bo‘lsa, qahraton bo‘lishiga qaramay joy tayyorlab, “Kamaz-Kamaz” gullarni ekishga majbur bo‘lamiz.
Havo issiqmi, sovuqmi farqi yo‘q. Davlat oylik to‘layaptimi, biz ham vijdonan ishlashimiz kerak. Ehtiyot choramizni ko‘rib: issiq kiyinib, yaxshilab ovqatlanib, ishlarimizni qilaveramiz. Hammamiz ham bola-chaqa, ro‘zg‘or tashvishida yuribmiz. Barchamizga Xudoning o‘zi sabr-toqat bersin.
Sharoitim yaxshi bo‘lganda bir kun ham ishlamasdim
O‘tgan yili erim bir odamning uyida ishlayotib, bexosdan o‘tib qoldi. Peshinda bolam “dadam o‘lib qoldi” deb yig‘lab keldi. Tushimmi, o‘ngimmi tushunmay qoldim. Kutilmaganda musibat boshiga tushsa, inson dovdirab qolarkan. Ancha o‘zimizga kelolmay yurdik. Lekin Allohning irodasi, nima ham qilardik. Hammasiga ko‘nib yashayapmiz.
Sharoitim yaxshi bo‘lganda bir kun ham ishlamasdim. Lekin boquvchim yo‘q, uch nafar bolam, ustiga-ustak kreditim ham bor. Shuning uchun ham ishlashga majburman. Ba’zida ro‘zg‘or, oila tashvishi deb ayolligim esimdan chiqib qoladi.
Xudoga shukur, hozir ikkala o‘g‘lim ham yonimga kirib qolgan. Katta o‘g‘lim Ubaydullo 21 yoshda. Firmada taksichi bo‘lib ishlayapti. Ikkinchim Mirmuhsin ham akasining oldida. U ham shofyorlik qilib pul topyapti. Qizim esa hali kichkina. Maktabda o‘qiydi.
Dunyoda har qanday qiyinchilikka chidash mumkin, lekin nohaqlikka emas
Bir kuni rahbarimizga aybini yuziga aytganim uchun meni jazolab, boshqa brigadaga o‘tkazvorishini, bunga majbur bo‘lishimni aytdi. Lekin men o‘tolmasdim. Sababi, u aytgan joyga ikkita avtobusga chiqib, bir kunda to‘rt ming yo‘lkira qilib borib kelish kerak. Bu tushlikdan tashqari “rasxod”. O‘zi oyligimiz qancha? 700 ming oylik ichida 440 ming kredit to‘layman. Qolgan 300 mingi bolalarimning yeb-ichishiga, bundan tashqari gaz, svet, kommunal to‘lovlarga ketadi. Ularga yetkazishning iloji yo‘q. Qancha aytsam ham tushunmadi.
Oddiy gulchi bo‘lsam ham qonun-qoidani juda yaxshi bilaman. U ming boshliq bo‘lgani bilan men xohlagan taqdirdagina bu ishni qilishi mumkin, majburlab o‘tkazib yuborishga haqi yo‘q. Qancha aytmay bo‘lmadi, baribir o‘tasan deb men bilan olishaverdi. Keyin kerakli joyga ariza bilan chiqdim. Ertasigayoq eng katta rahbarimiz hammamizni yig‘ib, bu qilgan ishi uchun uning 30 foiz oyligidan kesib, tushuntirish xati yozdirib oldi.
Keyinroq opa uzr, mendan o‘tdi deb kechirim ham so‘radi, lekin baribir og‘riqlar, haqoratlar ko‘nglimdan ketgani yo‘q.
Ochig‘ini aytsam, muammoyimni hal qilib bergan o‘sha rahbardan ham minnatdormasman. Chunki u men murojaat qilganim uchun emas, balki “tepa”dan shuni tinchit degan buyruq bo‘lgani uchun kelib muammoyimni hal qildi. Bo‘lmasa murojaatim arizam o‘rgangunicha qancha kutardim, bilmayman.
Hayotingizda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, tuqqan onangizga ham aytolmaysiz.
Boshimdan o‘tgan bir voqeani aytib bermoqchiman, balki bu kimgadir ibrat bo‘lar.
Erim juda ko‘p ichardi. Ichib olgandan keyin bizga, bolalarimga kun bermasdi. Inson tushkunlikka tushib qolsa, najot yo‘lini qidiradi. Ayniqsa ayol kishi. Bir kuni tanishlarimdan Andijonda dam soladigan qori domla haqida eshitib qoldim. Bir borib duo qildiraychi, zora erim insofga qaytar deb oldiga bordim. 3—4 marta qatnab, foydasini sezdim.
Bu orada erim Rossiyaga ketib, olti oyda qaytib keldi. Unda ikkita o‘g‘lim bor edi. Bir kuni xo‘jayinim hamma sheriklarimning qizi bor, faqat menda yo‘q ekan, ko‘nglim bir g‘alati bo‘ldi, deb gapirib qoldi. Siz qizi bor dada bo‘lolasizmi, deb so‘radim. Erim hayron bo‘lib, bu nima deganingiz deb so‘raganida, qizi bor dadalar ichmaydi, chekmaydi, ibodat qiladi, haloldan rizqlanadi, bo‘lmasa kasri qizlarga uradi, deb javob berdim. Shunda erim agar qizim bo‘lganida ichmasdim, chekmasdim deb menga va’da berdi. Men uning gaplariga ishondim.
Andijonga ziyoratga borganimda, ustoz, dadamiz shunday deyapti, deb aytganimda, qori domla bir qiz tilab beray, zora ering iymonga qaytsa, deb duo qildi. Duolarimizni Xudo qabul qilib, olti oydan keyin bo‘yimda bo‘ldi. Lekin erim tuqqunimcha ishonmadi. Iching to‘la o‘g‘il, hech qachon qiz tug‘maysan derdi.
Vaqti soati yetib, qizim tug‘ildi. Biroq turmush o‘rtog‘im bir kun ham va’dasida turmadi. Men esa unga juda ishongandim. Ichmasligini xohlardim. Mast bo‘lsa tamom, bizga kun yo‘q edi. Juda qiynalardik.
Qizim tug‘ilsa-da, bu azoblar kamaymadi. Qish qahratonida ko‘chalarda qolib ketdim. Ustozning oldiga endi nima qilay deb yig‘lab borsam, agar ering o‘zini o‘nglab olmasa, boshiga balo keladi dedilar. Buni erim kasal bo‘lib biror joyda qolib ketadi, men esa unga qarayman, keyin ichmaydi deb tushundim.
Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni erim ishga ketdi; “obed”da o‘g‘lim dadam o‘lib qoldi deb kirib keldi. Juma kuni peshinga azon chaqirilayotganda joni chiqibdi.
Bilasizmi, o‘shanda xo‘jayinim 18 kun tinmay ichib, 19-kuniga o‘lib qolgandi.
Erim o‘lishini istamagandim...
Bir hafta oldin juma kuni namozda duo qilayotib, “Ey Robbim, erimga insof bergin, icholmaydigan qilib qo‘ygin. Baribir shu er menga kerak. Bolalarimning otasi, men zaifaman. Shuncha qurilishlar faqat uning qo‘lidan keladi. Hamma ichuvchilar o‘lgan bo‘lsa, xunuk holatlarda avariya bo‘lib, xor bo‘lib o‘lgan. Xudoyim, erim qachon o‘lsa ham o‘zing chiroyli o‘limingdan nasib qilgin. Men erimdan ming marta roziman. Shunga senam rozi bo‘lasan”, deb duo qilgandim. Lekin aynan keyingi jumaga o‘lib qolishini bilmaganman. Hatto o‘lib qolganini sheriklari ham bilmabdi. O‘sha kuni asrga qolmay chiqarib yubordik.
Tushimda erim tinmay olovda yonardi...
Ko‘milgandan tortib to bir yilgacha erimning yonganini ko‘raverdim. Keyin yana ustozga yig‘lab bordim. Ustoz, nuqul erimning yonganini ko‘ryapman, desam, tandirdami, deb so‘radilar.
“Yo‘q, undan o‘n barobar katta narsada yonyapti. Tinmay menga tikilib qarayapti. Butun hayotimni azobda o‘tkazgan, biror marta shirin gapini eshitmagan erimga rahmim keldi”, dedim.
Ustoz “demak, eringning xatolari ko‘p ekan, o‘zing bilasan, ularni tuzat”, deb maslahat berdilar.
Erim bir marta tul xotinnikidan “truba” o‘g‘irlab olib chiqqan edi. Axir arzimagan narsa, ozgina pulga ham berardi-ku, desam, bir urgan, tomorqaga uchib ketganman.
“O‘sha ‘truba’ni olib kirib bersang bo‘lmaydimi, deb so‘radi ustoz.
“Olib kirolmayman, u ‘truba’ni erim kirishimizga ‘svarka’lab qo‘ygan. Kelgandan beri foydalanamiz, deb javob berdim.
“Bo‘lmasa hisob-kitob qilib, o‘shaning miqdoricha pul to‘lab qo‘ygin”, dedilar.
Keyin temir bozoridan ‘truba’ning metrini surishtirib, besh metriga 25 ming pul olib kirib, onangizdan qarzim bor edi, deb o‘g‘liga tashlab chiqdim.
Ikkinchisi qo‘shnimizni telefoni ko‘chada tushib qolganida, erim uni topib olib, qaytarib beraylik desam unamasdan, sotib ro‘zg‘orga ishlatib yuborgan edi.
“Ustoz, uning pulini qanday to‘layman, axir u ishga o‘n yildan oshdi-ku”, desam, “hojat namozini o‘qi, shunga qarab ish qilamiz”, dedilar.
Namozni o‘qib, Allohim, 80 ming bersam rozi bo‘lasanmi, deb so‘rab yotsam, tushimda to‘rtta paxtasi yo‘q to‘shak oldim. Ustozning ta’biricha, to‘rt soni bu men bilan bolalarim, paxtasi yo‘q to‘shak esa chala degani ekan. Qanchaligini yana so‘rab yotgin degandilar. Xudoyim, 100 ming bersam rozi bo‘lasanmi, deb niyat qilib yotsam, tushimda tandirga ikki qavatdan patir yopayapman ekan. Hayotda patir ikki qavat bo‘lmaydi. Buning ma’nosi qilayotgan ishimiz to‘g‘riligi ekan. Demak, 100 mingga to‘xtabmiz ekan, deb plastikdan yechtirdim. Keyin qori domla aytganidek, qo‘shnimga bolalarimni duo qilib qo‘ying, deb, ichimda erimning qarzi qiyomatga qolmadi, deb berib chiqdim.
Oradan uch kun o‘tib qo‘shnim tush ko‘ribdi. Aytishicha, men Baytulloh tepasida ibodat qilyapman ekan. Erim esa pastda turib meni uch qo‘shnimga ko‘rsatib, “shunday ahli ayolim borligi uchun Alloh boshimga salla kiygizdi. Bu yil men hoji dada bo‘ldim”, debdilar.
Erim biror marta ikki rakat namozini vaqtida do‘ndirib o‘qimagan, shuncha gunohlari bo‘lsa-da, Alloh erimning boshiga salla kiygizib qo‘yibdi. Tush ta’biridan sallani ko‘rsam, bu ulug‘lik ekan.
Erimdan biror marta shirin gap eshitmasam-da, tushimga kirib, yalinib qaragani, uning bitta nigohi uchun shu ishlarni qildim.
Yaxshiga yaxshilik qilish hammaning qo‘lidan keladi. Lekin yomonga yaxshilik qilish faqat mo‘minning qo‘lidan keladi. Alloh hammamizni mo‘min qilsin.
Har kuningga shukur qil
Erimdan har safar nolib borsam, ustoz farzandi og‘ir onalarni ko‘rsatib, “ering ichib kun bermayotgan bo‘lsa, anavi ayolning bolasi juda yomon og‘riyapti. Seni-chi, farzandlaring sog‘-ku, shuning shukrini qilgin”, deb nasihat qilardilar.
Kimdir badavlat yashab, dabdabali to‘ylar qiladi. Kimdir bir burda non topolmaydi. Inson o‘zida bor narsalar uchun hatto ichayotgan suvi, havosining shukrini qilishi lozim. Qancha shukur qilsak, hayotimiz shuncha iziga tushib ketadi.
Oddiy o‘zbek ayoli nimani ham orzu qilardi...
Albatta, farzandlari kamolini ko‘rishni, ularni uyli-joyli qilishni-da.
Yuqorida aytganimdek, erim ustaligi uchun hovlida uyning betonini quyib, devorlarini ko‘tarib qo‘ygan. Faqat tomi yo‘q. Katta o‘g‘lim 22 ga qarab ketyapti. Alloh nasib qilsa, tezroq tomlarni yopib, kelin tomonning bitta xonasini bitkizib, o‘g‘limni uylab qo‘ysam bo‘ldi. Mendan baxtli odam bo‘lmasdi. Lekin bularning bari mablag‘ga borib taqaladi. Xudoyim farzandlarimning dastiga bersin, halol ishlab, topib uylarini bitkizishsin.
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.
Avvalgi soyadagi odamlar:
“Musorga tashlab yuborilgan 34 million so‘mni topib berganman”. Chiqindi yig‘uvchi amaki hikoyasiModellar boylarga jazman bo‘ladimi? Model qiz hikoyasi
“Boy o‘lsa o‘lsin, kambag‘al o‘lmasin”. Go‘rkov Yursunali ota Umaraliyev hikoyasi
“O‘zbekiston o‘likxonalarida murdalar sotilmaydi!” Morg xodimining hikoyasi
“Ofitsiantlar qo‘pol mijozlarning ovqatiga tupurib berishini eshitganman”. Ofitsiant yigit hikoyasi
“Novvoy bo‘lib ko‘z nurimni yo‘qotyapman”. Novvoy yigit hikoyasi
Izoh (0)