Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan “Navoiy” xalqaro aeroporti hududidan tashqarida halokatga uchragan havo kemasini izlab topish va tezkor avariya-qutqaruv ishlarini tashkil etishga qaratilgan maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, o‘quv mashqi bosqichma-bosqich real sharoitga yaqinlashtirilgan holda o‘tkazilgan.
O‘quv mashqi viloyat doimiy tayyorgarlikdagi xizmatlarining halokatga uchragan havo kemasini izlab topish va tezkor avariya-qutqaruv ishlarini tashkil etishda tajriba va malakasini oshirish, ularning hamkorlikdagi harakatlarini amalda tekshirish hamda muvofiqlashtirishga qaratildi.
O‘quv mashqi yig‘in, havo kemasi halokatga uchragan hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil qilish, yuzaga kelgan yong‘inni bartaraf qilish, havo kemasidan jabrlanuvchilarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish va jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi bosqichlarda o‘tkazildi.
O‘quv mashqlariga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda “Navoiy” xalqaro aeroportining kuch va vositalaridan 20 ta maxsus texnika va 118 nafar xodim jalb etildi.
Izoh (0)