Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida mahoratli aktrisa Dilnoza Kubayeva bilan “Sirning siri samimiyatda: Aktrisa Dilnoza Kubayevaning ijodiy ustaxonasida bir kun” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad ham ishtirok etdi.

Foto: “Daryo”

Aktrisa Dilnoza Kubayeva spektaklda rol ijro qilayotgan vaqtida tomoshabin yigit “men sizni sevaman” deya barcha muxlislarning e’tiborini tortgani haqida gapirib berdi.

Bir kuni maza qilib rol ijro qilayotsam, orqa qatordan kimdir ‘men sizni sevaman’, deb qolsa bo‘ladimi. Men bu narsaga tayyor emas ekanman. Nima qilishimni bilmayman. Vaziyatdan chiqib ketish kerak. Jim bo‘lib qoldim. Yalangayoqman, sovuq. Rejada bunaqa narsalar yo‘q edi. Pardani chetiga qarasam, spektaklni olib boruvchi rejissor nimalar bilandir band. ‘Nima qilay’ deb so'ramoqchiman. U yoqqa qarasam, boshqalar ham o‘zi bilan o‘zi.

Nima qilaman, kutaman-da. Xudoga shukur, sabrli qizman. Kutib turdim, nima qilishimni bilmayman. Parda yopilmaguncha chiqib ketishga haqqim yo‘q. Agarda chiqib ketsam, u noprofessionalizm bo‘lib qolishi mumkin. Hamma e’tiborini o‘sha yigitga qaratdi. Bir og‘iz gap bilan hammani o‘ziniki qilib oldi. Hamma uning gapini ma’qullab, ‘bo‘larkan-ku, ‘erkak’, ‘malades’ , deyishardi.

Hayronman, shunaqasi ham bo‘ladimi? Jonli ijro, vaziyatlarga tayyor bo‘lishimiz kerak. 2-3 daqiqadan keyin hamma menga o‘girildi va keyin nima edi, degandek qarashardi. Harakat qildim, ikki hissalab dardimni oshirdim, sherigim chiqdi. Lekin tomoshabinlarni biz yo‘qotib bo‘lgan edik. Hamma siqilib ketgan ekan, bunaqa holatlar ham bo‘lib turadi.

Lekin o‘sha kuni mendan baxtli ayol yo‘q edi, chunki 600 ta insonning ichida sizga sevgi izhor qilishsa... Shunday holatlar bo‘ladi, tomoshabinlar ham o‘zini tutib turolmaydi, masalan, o‘sha yigit meni sevmaydi, lekin o‘sha sahnada xo‘rlanayotgan, dard ustiga dard, yana kundosh kelib turibdi, yana bu turtkilanadi, farzandsiz, hech kimi yo‘q... O‘sha bola o‘z his-tuyg‘ularini berkitib turolmadi.

Dilnoza Kubayeva, aktrisa