“Abo Muslimi sohibi qiron g‘ayratlariga chiday olmay, g‘azablaridin har bir mo‘ylari kiyimlaridin teshib chiqib ketgon, aning kamarbandidin ‘Yo Ali’ deb azot ko‘tarib, muborak boshlaridin yetti marotaba aylantiri-ib havoga otdilar. Ul mal’unning nopok vujudi bir osh pishgunga qadar ko‘zdin g‘oyib bo‘libdur”.
“Shum bola” kinosidan. “I”larga urg‘u berib o‘qilsin.
Ijtimoiy mavzuda yozsam, odatda, muayyan shaxslarni nazarda tutib va uning o‘zi ham blogpostni o‘qishini hisobga olib yozaman. Ammo quyidagi qahramonlarimiz bu blogpostni o‘qimasligi yuz foiz aniq. Umidim shuki, sartaroshxonaga chiqib navbatda o‘tirganingizda buni smartfondan o‘qib berasiz.1-suhbat
- Mustaqillik bo‘lganda butun dunyo O‘zbekistonga hujum qilish uchun armiyasini to‘plab kelayotganda yo‘liga Rossiya turib olibdi. Keyin ular qaytib ketibdi. Islom Karimov bova qaytish qilganda yana ular “bosvolamiz” deb tankka o‘tirib kelayotsa, Putin “bo‘ldi, qaytinglar, kerakmas”, deb ularni qaytarvorgan ekan.
Izoh: Ko‘ryapsizmi, oddiy odamlarimizning siyosiy ongini. Rus propagandasi ularning miyasini qay darajada yuvgan, demayman, chunki hatto RosTV ham bunaqa paradoksal fikrlar uzatmaydi. Mustaqillikka erishish haqida 28 yil ko‘rsatsangiz ham ertaknamo gaplarni ko‘tarib yurishadi.
2-suhbat
- Amerika prezidenti bizga “gazingga yuz dollardan beraman”, deganda bizniki o‘ylanib tursa, Putin shart o‘rtani kesib, “yuz ellik” debdi. Bobo qo‘lni tashlabdi. Amerikalik “shoshmay turganingda oshmoqchiydim” degan ekan, Putin “bay bo‘ldi, rus bitta gapiradi” debdi.
Izoh: Biz nechun sevamiz Vladimir Putinni? Erkin axborotdan mosuvo odamlarimiz uchun cho‘rtkesar Putin – dunyoni ayyor Amerika fitnalaridan qutqaruvchi yakka-yu yagona qahramon.
3-suhbat
- G‘alati zamonlarga qolib ketdik. O‘zbeklar Rossiyada, buyoqda xitoylar g‘isht pishiryapti, zovur qaziyapti. Kitobda yozishicha, bir kun ular dunyoni egallab, “Xitoyingman – xudoyingman” derkan. Buyog‘i oz qoldi. Faqat bizni egallab olishidan oldin razvedkasini yuborarkan. “Qara-chi, o‘zbeklar bir-biridan quruq choyni, tuzni, nonni qizg‘anadimi-yo‘qmi?” derkan. Odamlar shu arzimagan narsalarniyam bir-biridan ayasa, keyin “Ha, bularda ittifoqlik yo‘qolibdi”, deb shartta bosvolarkan.
Izoh: Asl sababi iqtisod, geosiyosat va aholi migratsiyasi bilan izohlanuvchi jarayon. Faqatgina bu bilimlar odamlarimizga yetarli berilayotgani haqida indamadim. Sog‘lom bilim yo‘q joyda olomon turli miflarga ishona boshlaydi. Agar biz o‘z potensialimizni ishga solsak, dunyoni bilimimiz bilan egallaymiz, deb ularni ishontirishga urinib ko‘ring-chi.
4-suhbat
Bunda joy manzili hikoyachi qayerlik ekaniga qarab, Namangan, Marg‘ilon, Andijon, Yakkabog‘, Xorazm, Jizzax yoki boshqa joyga o‘zgarib turadi.
- Garbacho‘p/Islom Karimov har kuni ertalab turib “Qo‘qon tinchmi?” deb so‘rarkan. Yordamchilari, “Ha, tinch” desa, “Xudoga shukr”, deb ovqatini yegani o‘tirarkan.
Izoh: Hurmatli yurtdoshlar, bu bizga qanday faxr beradi? Biz markazga bo‘ysunmaydigan erksevar xalqmiz demoqchimizmi? Tartibsizligimiz bilan g‘ururlanyapmizmi?Boshqa g‘ururlanadigan jihatimiz yo‘qligidan tasalli uchun o‘ylab topganmizmi?
Sarvar usta
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)