Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Zoir Mirzayev dastlabki ish kunlarini Qarshidagi holatni o‘rganishdan boshladi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovning ma’lum qilishicha, Zoir Mirzayev dastlab Qarshi shahridagi ko‘p qavatli uylarni sovuq kunlarda isitish tizimi qanday yo‘lga qo‘yilganligi holatini o‘rgandi. Hokim isitish tizimini 20-noyabrga qadar ishga tushirish, uylarning qo‘lbola isitilishining oldini olish zarurligini ta’kidlagan.
“Farg‘ona va Xorazmda is gazidan zaharlanib yetti kishi vafot etdi. Bu kabi holat e’tiborsiz qoldirilgan har qanday joyda bo‘lishi mumkin. Mas’ullar bugundan boshlab ushbu holatga doir barcha zaruriy choralarni ko‘rishi va insonlar taqdiriga befarq qarashdek yomon illatni yo‘qotishi kerak”, — deb aytgan Zoir Mirzayev.
Shuningdek, Qarshi shahridagi ta’lim muassasalari atrofidagi savdo do‘konlarida muddati o‘tgan mahsulotlar sotilayotganini aniqlagan va shahardagi ko‘p qavatli uylarning shart-sharoitlari bilan tanishgan.
Hokim hududni ko‘zdan kechirish davomida xunuk holatga ham duch kelgan. Ko‘cha bo‘yidagi oshxona tandiri chiqindi bilan to‘la bo‘lgan.
Bundan tashqari, fuqarolardan birining murojaatiga ko‘ra, mutasaddilar “Amir Temur” mahallasi Beshyog‘och ko‘chasini ham borib ko‘rgan.
U yerda ruxsat etilmagan joyda chiqindilar uyulib yotgani, ko‘chadan o‘tgan yo‘l tor va shu bilan birga ta’mirtalab ekanining guvohi bo‘lingan. O‘rganish asosida yana bir qancha muammolar aniqlangan. Vaziyatni yaxshilash borasida mas’ullarga topshiriqlar berilgan.
Izoh (0)