Rossiyaning Baykalorti o‘lkasida, Gorniy yopiq ma’muriy-hududiy tuzilmasida muddatli xizmatni o‘tayotgan askar 8 nafar xizmatdoshini otib o‘ldirdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
20 yashar Ramil Shamsutdinov navbatchilik almashishi chog‘ida xizmat qurolidan o‘t ochgan.
Halok bo‘lganlar orasida 2 nafar zobit, 5 nafar muddatli xizmatdagi va bir nafar shartnoma asosidagi askar bo‘lgan. Yana ikki kishi og‘ir jarohat olgan.
Ramil Shamsutdinov avvaliga zobitlardan biriga o‘q uzgani, uning yonidagilar pastga yotib olganida ularni ham otib tashlagani aytilmoqda.
Hozirda Shamsutdinov qo‘lga olingan, yaqin orada u kompleks psixologik-psixiatrik ekspertizaga yuborilishi bildirilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi askar shaxsiy sabablar bilan bog‘liq asabiy zo‘riqish tufayli o‘t ochganini ta’kidlagan bo‘lsa, OAV mazkur holatga harbiy qismdagi nizomdan tashqari munosabatlar va millatchilik ko‘rinishlari sabab bo‘lganini taxmin qilgan.
Tergov qo‘mitasi hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘adi.
Izoh (0)