Qonunchilik palatasi deputatlari sayloviga doir saylov byulletenining shakli va matni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulleteni shakli va matni esa viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan tasdiqlanadi.
Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalining xabar berishicha, nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.
Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirish bo‘lishi kerak.
Saylov byulletenlari davlat tilida, shuningdek okrug saylov komissiyasining qaroriga binoan tegishli okrug aholisining ko‘pchiligi so‘zlashadigan tillarda nashr etiladi.Saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 22-dekabrni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgilandi. Qayd etishlaricha, joriy saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi — shulardan 2 millondan ziyod yoshlar ilk bor ovoz beradi. Ushbu saylovlarga davlat budjetidan 230 milliard 549 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Izoh (0)