Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stanislav Cherchesov notanish kishi qo‘ng‘iroq qilib undan “Rostov” klubi va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisini Eldor Shomurodovni mamlakat bosh jamoasiga chaqirishni talab qilgan.
“Menga yaqinda qo‘ng‘iroq qilishdi va nima sababdan jarohat olgan Fyodor Smolov o‘rniga Shomurodovni tarkibga jalb qilmayotganimni jiddiy ohangda so‘rashdi.
Kim qo‘ng‘iroq qilganini bilmayman. Muxlis qayerdandir mening raqamimni topgan va qo‘ng‘iroq qilgan. Uning monologi uzun bo‘ldi: sen undan-bunday, iqtidorli to‘purarni, snayperni ko‘rmayapsan. Men barcha gapini eshitib turdim va javob qildim: siz barchasini to‘g‘ri gapiryapsiz, ammo eng muhimini inobatga olmayapsiz. Men O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisini tarkibga chaqira olmayman.
Afsuski, o‘sha vaqtda suhbatdoshimning yuzini ko‘ra olmadim, biroq uning sukuti grossmeysterlarga xos bo‘ldi. Hazil hazil bilan, ba’zida hissiyotlar ongni to‘sib qo‘yadi”, — deya Cherchesov so‘zlarini keltirmoqda Sportbox.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)