21-oktabr, dushanba kuni Bosh prokuratura akademiyasi binosida “Prokuratura organlarining ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ul xodimi, Harbiy prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Departamenti, MIB, IIV va Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatlari rahbarlari va xodimlari, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchilari, Bosh prokuratura akademiyasi tinglovchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur davra suhbatida prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni samarali yo‘lga qo‘yish, faoliyatda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, axborot olish erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kamchiliklar, davlat idoralari xodimlari va jurnalistlarning kasb etikasiga rioya etishlaridagi mas’uliyatini oshirish, shuningdek, kelgusida ushbu sohani yanada takomillashtirishga doir masalalar muhokama qilindi.
Izoh (0)