Peshku tumanidagi 36-umumta’lim maktabi 2 ta moslashtirilgan binoda joylashgan bo‘lib, 1993-yilda barpo etilgan. So‘sana, Sayidon, Turgare, Ishkom, O‘yboy qishlog‘i yoshlari shu maktabda saboq olishadi. Ularga 38 nafar pedagog-xodim ta’lim-tarbiya berib keladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Laylo Hayitova xabar bermoqda.
Ta’lim muassasasi tashkil etilgandan boshlab Ro‘zi Hojiyev maktab direktori lavozimida ishlab kelgan. 2017-yilda nafaqaga chiqqan va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi buyrug‘i bilan maktab direktorligiga uning o‘g‘li Baxtiyor Hojiyev tayinlangan.
“Direktorning xotini tomonidan haqoratlandim...”
Mazkur maktab rus tili fani o‘qituvchisi Zinnat Hakimovaning “Daryo”ga murojaatiga ko‘ra, maktabning qariyb 70 foiz xodimi direktorning uzoq va yaqin qarindoshlaridan iborat. Rahbar qo‘l ostidagi boshqa xodimlar o‘zini tashvishlantirayotgan masalalar yuzasidan kimga murojaat qilishga ikkilanib keladi Emin-erkin ishlash uchun shart-sharoit yo‘q. Maktab direktorining qarindoshlari juda ko‘pligi sabab fikr va munosabatlari e’tiborga olinmaydi. Endigina ishga kelib, hech qanday natija ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, asossiz mukofotlanganlar ham yo‘q emas.
— 2017-yilda o‘quvchim fan olimpiadasida ishtirok etib, tuman bosqichida yuqori natijaga erishdi. Shunda menga mukofot puli yozildi-yu, kattagina qismi maktab xarajatlari uchun ushlandi. Shunga qaramay, zamonaviy yondoshuvlar asosida darslarimni boyitib borishdan to‘xtamadim. 2019- yilda ham ishlarimga yarasha maktab direktoridan mukofot puli ajratishni so‘radim. Anchagina paysalga solishlardan keyin joriy yilning may oyida bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida mukofot puli yozildi. Men nega mukofot puli 100 foiz emas, 50 foiz yozilgani bo‘yicha direktordan izoh talab qildim. Shundan keyingina tuman xalq ta’limi bo‘limi buyrug‘ini qayta almashtirib, mukofot pulining qolgan 50 foizini iyun oyida berishdi. “Buyruqni istalgan paytda almashtirish mumkin ekan-da”, degan savolim uchun o‘qituvchi Iqbol Bafoyeva, ya’ni maktab direktorining xotini tomonidan kamsitilib, qattiq haqoratlandim. Insoniylik qadr-qimmatim poymol qilingach, shikoyat qilishga majbur bo‘ldim. shundan so‘ng maktabda moliyaviy tekshiruv o‘tkazildi,— deydi Z. Hakimova o‘z murojaatida.
Joriy yil 23-avgustida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi vakillari tomonidan holat o‘rganilganda, berilayotgan topshiriqlarga e’tiborsizlik oqibatida bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Maktab direktori — huquqbuzar
R. Hojiyev maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasiga, bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumotiga ega bo‘lishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, 2002-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish institutini tugatgan akasi Doniyor Hojiyevni rasmiylashtirgan. Mehnat Kodeksining 79-moddasi bandlarida, “o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning basharti, ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi”, deb ko‘rsatilgan.
Shuningdek, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Narzullo Shodiyev (direktor ammasining o‘g‘li) o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish va mukofotlash bo‘yicha maktab direktor jamg‘armasi maxsus komissiyasi kotibi vazifasini bajarib kelgan.
2018-yilning 2-yanvaridan buyon oylik tabellarda farrosh vazifasida qayd etib kelingan Yoriqul Sattorov (maktab direktorining pochchasi) aslida mazkur vazifani bajarmagan. Maktab xodimlarining viloyat XTB vakiliga ma’lum qilishicha, Y. Sattorovning o‘g‘li Sattor Jo‘rayev (maktab direktori pochchasining o‘g‘li) o‘t yoquvchi, bog‘bon vazifasida qayd etilgan bo‘lsa-da, uni ko‘pchilik tanimaydi. 0,5 shtat birligida farrosh, 0,5 shtat birligida xizmatchi, 0,25 shtat birligida qorovul, jami 1,25 shtat birligida oylik olib kelayotgan Saodat Adizova (maktab direktori amakisining kelini) oshxona va oshxona hovlisini tozalash ishlarini bajarib kelgan.
Bundan tashqari, o‘rganish davomida maktab direktori Baxtiyor Hojiyev tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani aniqlangan va holat sudga oshirilgan. Shofirkon tuman ma’muriy sudiga ko‘ra, maktab direktori lavozimida ishlab kelayotgan B. Hojiyev o‘qituvchi Z. Oripovaning o‘tmagan darsi uchun 433828 so‘m to‘lab, budjet mablag‘ini talon-toroj qilgan.
Huquqbuzar maktab direktori o‘z aybi va qilmishiga to‘la iqrorligini bildirgan. Ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zarar B. Hojiyev tomonidan to‘liq qoplangan.
Maktabdagi qarindoshlar lavozimdan bo‘shatilgach...
— Shunga qaramasdan, ta’lim muassasasida direktor qavm-qarindoshlari o‘rtasida mening harakatlarim, maktabda adolat o‘rnatilishi bilan chiqqanim “yozuvchi” va “yolg‘onchi” degan dashnom bilan baholandi. Ammo mukofot pullarini o‘zlashtirish holatlari birmas, juda ko‘p marotaba sodir etilgan. Boshqa o‘qituvchilarning ham bu boradagi shikoyat va arizalari shunchaki yopib qo‘yildi. “O‘ziga ajratilgan mukofot pullarini go‘yo o‘z ixtiyori bilan maktab ta’miriga bergani” bo‘yicha qayta tushuntirish xatlari olindi. Axir bundan ortiq nima ham qila olishardi? Atrofimiz direktorning qavm-qarindoshlari bilan o‘ralgan bo‘lsa,—deydi Z. Hakimova.
“Daryo” surishtiruvi davomida maktabdagi holat o‘rganildi. O‘qituvchi, pedagoglar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi. Bunda maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Doniyor Hojiyev o‘z arizasiga ko‘ra lavozimdan bo‘shatilgani bildirildi. Xuddi shuningdek, o‘quv ishlari bo‘yicha maktab direktori o‘rinbosari N. Shodiyev ham lavozimdan bo‘shatilgan.
— Qarindoshimligi uchun emas, maktabni boshqarib turadigan, maktab uchun jon kuydirib, qayg‘uradigan kishi ekanligi uchun ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Doniyor Hojiyevni o‘z lavozimiga qaytarilishi taklifini kiritgan bo‘lardim. Shu qishloqda yashaymiz, ko‘pchilik qarindoshlarimiz ham shu sohada oliygohda tahsil olgan. Maktabda qavm-qarindoshlarimizning ko‘pligi bizning ishlamasligimiz kerak, degani emas-ku? — deydi informatika fani o‘qituvchisi, maktab direktorining kelini Maqsuda Adizova.
Yuzma-yuz muloqotda fransuz tili o‘qituvchisi Dilfuza Aslonova:
— Jamoamiz ahil edi. 2000-yildan buyon maktabda dars berib kelayapman. Ammo keyingi paytlarda bir-ikki g‘iybatchilar chiqib, maktabga kelgim kelmay qolgan,—deya nolidi.
Afsuski, ta’lim muassasasida o‘zi va boshqa o‘qituvchilar huquqlarining himoyalanishini talab qilib chiqqan kasbdoshlarini “g‘iybatchi” deb baholash odatiy holga aylanib qolgan.
— Tan olish ham kerak, Zinnat Hakimova yosh bo‘lishiga qaramay, juda faol, tirishqoq va intiluvchan o‘qituvchi. Hammamiz ham buni ko‘rib turibmiz. To‘g‘ri, maktab muammosini ko‘chaga olib chiqmay, shu yerning o‘zida ham hal etsa bo‘lar edi. Ammo maktab direktori ayolining bu o‘qituvchi xatti-harakatlarini qo‘pol so‘zlar bilan baholagani uning ko‘ngliga ozor bergan. Unga chiroyli muomalada tushuntirsa bo‘lardi, aslida. Har bir oilada bo‘lganidek, ishda ham turli kelishmovchiliklar, munosabatlarga darz ketishi holatlari bo‘ladi. Faoliyat davomida uchraydigan xato-kamchiliklarimizni bir-birimizga do‘stona tushuntira olishimiz, ibrat bo‘lishimiz kerak. Zero, o‘qituvchilar o‘rtasidagi bu murosasizliklar o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasiga ta’sir qilishi mumkin,— dedi uchrashuvda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Aziza Boltayeva.
Imzo tabelga, pul cho‘ntakkami?
O‘qituvchilar bilan suhbat asnosida ular orasida uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan bo‘lsa-da, mukofot puli olmagan, mukofot puli to‘liq yozilgan tabelga imzo qo‘ygan, ammo uning faqat ma’lum qisminigina olgan, turli ko‘rinishdagi tuhmatlarga qolayotganlar ham borligi ham oydinlashdi. Bundan tashqari, “mukofot puli boshqa maqsadlarga ishlatilgan bo‘lsa ishlatilgandir, endi ortga qaytishning hojati yo‘q” qabilidagi munosabatlar ham bildirildi.
— O‘tgan o‘quv yilida maktabga ishga keldim. Uylanmagan edim. 11-sinf o‘quvchisiga ko‘ngil qo‘ydim. Qiz 17 yoshga to‘lgan edi. May oyida urf-odatimizga ko‘ra, uyiga sovchi jo‘natdim. O‘quvchi qizga sovchi qo‘yganim vaji bilan ortiqcha gap-so‘z ko‘paymasligi uchun maktab direktori avvaliga mehnat ta’tiliga chiqishim, keyin esa ishdan bo‘shash uchun arizani yozishimni so‘radi. Ammo bu arizalarni vaziyatni yumshatish uchun yozdirib olganini ham eslatib qo‘yganini yashirmayman. Biroq eng alamlisi, hali bo‘lmagan qaynonam nomidan soxta qoralovlar tayyorlab, kasaba uyushmasi kafilligida go‘yo dalillar bilan meni ishdan bo‘shatishgani bo‘ldi. O‘z huquqimni talab qilganimdan so‘ng 4-iyunda ishga qayta qabul qilindim,— deydi tarix fani o‘qituvchisi Maqsud Hojiyev (qarindosh emas).
Maqsud Hojiyevga ko‘ra, joriy yil yanvar oyida unga oylik maoshi barobarida, ya’ni qo‘shimcha 1 million 300 ming so‘m miqdorida mukofot puli yozilgan. U 2 million 600 so‘mdan ortiq mablag‘ ko‘rsatilgan tabelni imzolagan. Maktab direktorining kassirga “qolganiga maktabga shifer olamiz”, degan ko‘rsatmasi bilan o‘qituvchi ro‘yxatda ko‘rsatilgan pulning yarmini olgan. Oradan vaqt o‘tgach, oilaviy xarajatlari ko‘paygani bois Maqsud Hojiyev maktab direktoridan qolgan pullarini to‘lab berishini talab qilgan. Kassir pulni maktab direktoridan, maktab direktori esa kassirdan so‘rashi kerakligini aytib, sarson qilib kelaverishgan.
— Meni ishdan olish uchun turli vajlar ko‘rsatishmoqda. Maktabda sidqidildan, bor g‘ayratingni ko‘rsatib ishlash uchun imkon yo‘q. Kecha siz kelib ketgach, direktorning otasi, ya’ni sobiq direktor kelib, “O‘g‘lim ishdan ketadi, ammo men o‘z o‘rnimga qaytib kelaman va direktorlikni qayta olaman. Keyin sen shu yerda ishlab bilasanmi?” deb po‘pisalab ketdi. Undan tashqari, 5-6 nafar boshqa qarindoshlari kelib, “Agar sening o‘rningda bo‘lsak, ishdan bo‘shardik”, deyishdi. Ishlashga qo‘yishmayapti, ruhiy ta’sir ko‘rsatishayapti,— dedi “Daryo” muxbiri bilan telefon orqali suhbatda Maqsud Hojiyev.
Shu maktab pedagoglaridan biri, geografiya fani o‘qituvchisi Oyjahon Jabborova direktor tomonidan ish faoliyati bilan bog‘liq bir nechta masalalarni o‘ziga nisbatan qilingan adolatsizlik, deb baholadi.
Mazkur maktabda chetdan begonalarning oddiy vazifalarga ham ishga joylashishi muammo tug‘dirib kelgan.
— Uyim shundoqqina maktab oldida. Taqdir ekan, qizimning turmushi buzilib, ikki nafar farzandi bilan ajraldi. Bir yildan ortiq vaqt davomida qizimga ish izladik. O‘tgan yil sentabr oyida amaldagi maktab direktoriga ish so‘rab, murojaat qildik. Nopisand va yoqinqiramay, ishni qayerdan topib berishini iddao qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, o‘zining bir nechta qarindoshlarini texnik-ishchi vazifalariga ishga qabul qilgani qulog‘imga chalinib qoldi. Oxiri qizimning ikki bolasi bilan qiynalayotganiga chiday olmay, tuman prokuroriga holat bo‘yicha yozma murojaat qildim. Hayal o‘tmay, maktab direktorining o‘zi chaqirib, qizimni farroshlikka ishga oldi. Birgina farroshlik uchun bizni bir yildan ortiq vaqt eshitmay yoki ko‘mak bermay kelishi shartmidi? Odam majbur bo‘lmasa, og‘riq jonidan o‘tmasa, bekorga yuqoriga murojaat qilmaydi. Shuncha yil ishlagan bo‘lsa ham, o‘quvchilar uchun bitta yangi hojatxona ham tiklagan emas. O‘zining urug‘-aymoqlari turli xorij davlatlariga borib ishlab keladi va yana hech muammosiz o‘z o‘rnida kelib ishlayveradi. Shunchaki o‘qituvchilar ishdan ajralib qolmaslik uchun tilini tishlashga majbur, — dedi fuqaro Dilora Ashurova.
Keyingi telefon orqali suhbatdoshimiz ismi-sharifi ochiqlanmasligi, yo‘qsa, maktabdagi boshqalar qatori u ham siquvga olinishi mumkinligini bildirdi.
— Uzoq yillardan buyon otasi va o‘g‘li direktorligi ostida ishlab kelayotgani uchun ko‘pchilik maktabdagi faoliyati bilan bog‘liq tashvishlarni hammaning oldida oshkor qilishga andisha qilishdi. Zinnat Hakimova ishladi, ishiga yarasha haq so‘radi, shuning evaziga tuhmatlarga qolib ketdi. Direktorning xotini tomonidan “Qo‘lingdan baribir hech narsa kelmaydi. It hurar, karvon o‘tar”, degani bu yosh o‘qituvchining oriyatiga, sha’niga tegdi. Maktabning o‘t yoquvchisidan tortib, 80 foiz kadrlari direktorning qavm-qarindoshlari. Sanoqli, bor-yo‘g‘i 8-10 nafar o‘qituvchi chetdan kelganmiz, xolos. Biz xuddi oilaviy maktabda ishlayotgandekmiz. “Fitnaga aralashganlar Xudodan topadi”, degan bo‘lmag‘ur, bemaza-beta’sir gaplar bilan boshqalarni kamsitishdan nariga o‘tishmaydi. Doimiy ravishda pul yig‘ib olinishi bor gap. Shaxsan o‘zim tegishli mukofot pulining bor-yo‘g‘i 100 ming so‘mini olganman. 500 ming so‘m direktor hisobiga qolib ketgan. 30 foiz plastikka tushadi, qolgan qismi naqdda oylik va bundan tashqari, mukofotning 70 foizi maktab remontiga yo‘naltiriladi. Ammo o‘qituvchilar orasida mukofot pulining 100 foizini direktorga berayotganlar ham borligi sir emas. To‘g‘ri, pulga muhtojligim yo‘q. Ammo inson qadri-qimmati oyoqosti qilinsa, alam qilar ekan. Shu kuni maktabning sobiq direktori, ya’ni amaldagi direktorning otasi kelib, “O‘g‘lim ketadi, o‘zim kelib direktor bo‘laman. Keyin senlar mendan ko‘radiganingni ko‘rasan!” deb dag‘dag‘a qilib ketdi. Biz qanaqa jamiyatda yashayapmiz o‘zi? — deydi u.
“Direktorlikning otadan o‘g‘ilga o‘tishi maktab oilaviy degani emas”
Vaziyatga tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Erkin Xo‘jayev munosabat bildirdi:
— To‘g‘ri, sobiq direktor, ya’ni amaldagi direktor otasining maktabga kelib, o‘qituvchilar bilan bunday ohangda so‘zlashini oqlamayman. Bundan tashqari, rahbar bo‘ysunuvidagi o‘rinbosarlar qarindoshlari bo‘lmasligi kerak. Shu nuqtayi nazardan akasi egallab turgan lavozimidan o‘z arizasiga ko‘ra bo‘shatilgan. Ammo Baxtiyor Hojiyev juda tajribali kadr. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining 2017-yil 1-noyabdagi buyrug‘i va mehnat shartnomasi bilan direktor lavozimiga tayinlangan. O‘z ishini puxta va mas’uliyat bilan yuritmoqda. Qattiqqo‘l, talabchan rahbar. Otasi direktorligidan so‘ng o‘g‘lining lavozimga tayinlangani maktab oilaviy, degani emas. Bitta tajribali rahbar kadrni tayyorlash uchun juda ko‘p yillar kerak. Baxtiyor Hojiyev tajribali rahbar sifatida yillar davomida shakllangan. Sohada o‘rni va mavqeyiga o‘zining bilim va salohiyati bilan erishgan.
Reyting bor, natija yo‘q
Amaldagi maktab direktori Baxtiyor Hojiyevga ko‘ra, maktab 180 o‘ringa moslashtirilgan, ayni kunda 411 nafar o‘quvchi 2 smenada tahsil oladi. Ta’lim muassasasi ta’mirtalab, sharoit, imkoniyatlari zamon talablariga javob bermasa-da, tuman reytingida uchinchi o‘rinda turadi.
“Daryo” surishtiruviga ko‘ra, avvalgi yillarda beshinchi va undan quyi o‘rinlar bilan kifoyalanib kelingan. Biroq reyting bor-u natija yo‘qligi kishini taajjubga soladi. 20 yil davomida biror o‘quvchi na fan, na sport bellashuvlarida viloyat, mamlakat yoki xalqaro miqyosdagi ko‘rsatkichlarga ega emas. Tuman bosqichlarida birinchi, ikkinchi, shuningdek, viloyat bosqichlarida uchinchi va undan keyingi o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan, xolos. O‘qituvchilar ham “Yil o‘qituvchisi” tanlovlarida tumandagi o‘rin bilan cheklanib kelishgan.
— O‘quvchilarimizning fan bellashuvlari yoki sport musobaqalarida biror marta viloyat bosqichlaridan o‘tib, respublika darajasiga chiqishmagani rost. Biroq muvaffaqiyatga erishish uchun bor imkoniyatni ishga solyapmiz. O‘quvchilarning bilimi, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tinimsiz harakatdamiz. Maktab reytingi bellashuvlarda qatnashgan o‘quvchilar sonining umumiy balli bilan hisoblanadi va to‘plangan ball hisobida reyting aniqlanadi. Reyting to‘rt bosqichda baholanadi. Bu o‘quvchilarning matematika va ona tili, adabiyot fanidan bilimi, ijtimoiy so‘rovnoma, kadrlar salohiyati hamda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi yuqoriligi mezonlaridan iborat,—deydi maktab direktori.
Bizni o‘ylantirgani maktab tashkil etilgandan buyon hozirga qadar 26 yil o‘tgan bo‘lsa-yu, muvaffaqiyatga erishish harakati endi boshlansa. Taajjub!
Maktab direktori aytmoqchi, ta’lim muassasasi reytingini baholashning birinchi mezoniga ko‘ra, mazkur maktabdan matematika va ona tili, adabiyot fani o‘quvchilar bilimi viloyat yoki respublika bellashuvlarida natijadorlikka ega bo‘lmagan. Kadrlar salohiyati bo‘yicha tuman reytingida yuqori o‘rinda turuvchi ta’lim muassasalari ko‘p. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi mezoniga qaraladigan bo‘lsa, 2018—2019-o‘quv yilida 36-umumta’lim maktabining 40 nafar bitiruvchisidan bor-yo‘g‘i 7 nafari OTM talabasi bo‘lgan.
Izoh (0)