Rejissor Jahongir Ahmedov hamda prodyuser Zafar Yo‘ldoshev “Islomxo‘ja” tarixiy, badiiy-publisistik filmdan so‘ng “Ilhaq” deb nomlangan tarixiy filmni suratga olmoqda.

Foto: “Ilhaq” tarixiy filmining foto sinov jarayonlaridan lavha.
Rejissor Jahongir Ahmedov arxivi.

Rejissor Jahongir Ahmedov “Daryo” muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida “Ilhaq” filmi haqida batafsil ma’lumot berib, “Bibixonim” tarixiy filmining suratga olish ishlarining boshlanmay yakunlangani sabablari haqida gapirdi.

‘Ilhaq’ kinokartinasi ustida ishlayapmiz. Bu asarni ijodimning tub burulishi deya olaman. Bungacha bunaqa katta jamoa, katta va qiyin davr hamda katta mas’uliyat bilan ishlamaganmiz.

‘Ilhaq’ filmi front ortidagi front haqida, bu film Zulfiya aya va uning urushdan qaytmagan besh o‘g‘lining ayanchli qismati haqida.

Zulfiya ayaning besh o‘g‘li Xolmatov Isoqjon, Xolmatov Ahmadjon, Xolmatov Muhammadjon, Xolmatov Vahobjon, Xolmatov Yusufjon urushdan qaytmagan.

Muhammadjon 1941-yilning iyulida, Ahmadjon undan bir oy keyin frontga ketadi. Kuzga borib Vahobjon bilan Yusufjonni ham kuzatishadi. Eng oxirida, 1944-yilning mart oyida Isoqjon ham jo‘nab ketadi.

Birin-ketin hamma o‘g‘illaridan qora xat keladi. Aya ayniqsa kenjasi Yusufjon uchun qattiq kuyunib o‘tgan ekan. Chunki faqatgina Yusufjon hali uylanmagan, undan zurriyod qolmagan edi.

Qishloqdoshlardan kimningdir bolasidan qora xat kelsa, uni ‘seni bitta bolang o‘ldi, qaddingni tut, ana Zulfiya besh pahlavonidan ayrilib ham sabr qilayapti’, — deb bir-birlariga taskin berisharkan.

Urushdan so‘ng aya kelinlariga ‘xohlasanglar turmush qilinglar’ — degan, kelinlari esa rad qilishgan. Juda erta, yosh beva qolgan bo‘lsalarda, bir umr erlariga sadoqatda, Zulfiya ayaning bag‘rida yashab o‘tishgan.

Keyinchalik Zulfiya ayaning o‘g‘illaridan faqat ikkitasi haqida ma’lumot chiqdi. Muhammadjon Xolmatovdan kelgan yo‘qolgan ‘qora xat’ topilib, u 1945-yil 24-fevral kuni Polshaning Vembrandava tumanida halok bo‘lgani va o‘sha yerga dafn qilingani, kenja o‘g‘il Yusuf Xolmatov esa tankchilar komandiri bo‘lganligi, Leningrad qamalini yorib o‘tish uchun bo‘lgan janglarning birida tanki yonib ketib, og‘ir yaralanganligi, gospitalda vafot etganligi ma’lum bo‘ldi. Yusuf Xolmatov Piskaryev qabristoniga dafn etilgan ekan.

Jahongir Ahmedov, rejissor

Rejissor “Bibixonim” tarixiy filmining suratga olinmayotganini quyidagicha asosladi.

‘Bibixonim’ filmida bosh rolni ijro etadigan aktrisa hozirda boshqa bir xalqaro loyihada bandligi tufayli, filmning suratga olish ishlari to‘xtab turibdi. U bilan shartnomamiz shartiga binoan, 2020-yilning kuz faslidan ishlay boshlaymiz.

Jahongir Ahmedov, rejissor

Ma’lumot uchun, “Ilhaq” tarixiy filmining ssenariy mualliflari Jahongir Ahmedov hamda Hasan Toshxo‘jayevlar tomonidan yozilgan. Film operator Jahongir Ibragimov, rassom Bahriddin Shamsuddinov, libos Zuhra G‘aniyeva, grimm Zilola Sobirova, prodyuser Zafar Yo‘ldoshevlar tomonidan suratga olinmoqda.