Farg‘ona viloyati chegara oldi hududlarida O‘zbekiston RDXX chegara qo‘shinlari va Qirg‘iziston chegara qo‘shinlari hamkorligida birinchi bor “Qalqon—2019” maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
Mashg‘ulot avvalida har ikki davlat bo‘linma qo‘mondonlarining jangovar harakatlarni boshqarish va ular orasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar hamda ko‘rsatmalar berilgan. Shundan so‘ng hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotiga start berildi.
Ikki davlat chegarachilariga qo‘yilgan asosiy vazifa — birgalikda bosqinni bartaraf etish hamda chegara buzg‘unchilarini hududga o‘rnashib olishlariga yo‘l qo‘ymaslik. Shu maqsadda shay holatda bo‘lgan jangovar guruhlar zamonaviy zirhli texnikalarda chegara naryadlariga yordamga kelishdi va shartli dushman ikki davlat chegara hududida to‘liq qurshovga olindi.
Mashg‘ulotga nafaqat quruqlik, balki havo kuchlari ham jalb etilgan. Real vaziyatlarga tenglashtirilgan barcha harakatlar O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston chegara qo‘shinlari rahbarlari tomonidan diqqat bilan kuzatib borilgan.
Mashg‘ulot so‘ngida tadbirda faol qatnashgan harbiy xizmatchilarga ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alar topshirildi. O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandalari tomonidan har ikki millat tilida kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.
Izoh (0)