Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning kichik o‘g‘li Somon Emomali mamlakatning “Talko Kabel” alyuminiy kompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu Tojikiston milliy universitetini tamomlagan 21 yoshli Somon Emomalining talabalikdan keyingi eng birinchi ish joyi bo‘ladi. Bu haqda “Axbor” agentligi xabar tarqatgan.
Nashrning qayd etishicha, Tojikiston prezidentining kenja o‘g‘li uch oydan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda.
“Aslida u amaliyot o‘tashi va tajriba to‘plashi uchun bu yerga yuborilgan. Ayni vaqtda Dushanbe shahri meri bo‘lgan prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Emomali ham mehnat faoliyatini yoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitada, Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligida boshlagan, keyinchalik bojxona xizmati hamda korrupsiyaga qarshi kurash agentligida rahbarlik lavozimlarini egallagandi”, — deya qayd etgan o‘z ismini oshkor etmagan Tojikiston fuqarosi nashr e’lon qilgan intervyuda.
Somon Emomalining iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligida ham amaliyot o‘tayotgani haqida xabarlar tarqalgan, ammo ushbu ma’lumot rasman o‘z tasdig‘ini topmagan.
2017-yil 8-martda Tojikiston prezidentining matbuot xizmati Somon Emomali ham otasi Emomali Rahmon va akasi Rustam Emomali bilan Dushanbe shahridagi ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etganini ma’lum qilgan va tadbirdagi suratlarni e’lon qilgandi.
Emomali Rahmon to‘qqiz farzandning otasi, uning yettita qizi, ikkita o‘g‘li bor. Tojikiston prezidentining bolalari mamlakatda yuqori lavozimlarda ishlaydi. Ikkinchi qizi Ozoda Rahmon prezident devonini boshqaradi, katta o‘g‘li Rustam Emomali Dushanbe shahrining meri. To‘rtinchi qizi Ruhshona Rahmonova Tashqi ishlar vazirligida bo‘lim boshlig‘i, oltinchi qizi Zarina Rahmon Tojikistonning eng yirik banklaridan bo‘lgan “Oriyonbank” raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib boradi.
Izoh (0)