11-oktabr kuni Moskva shahrida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida O‘zbekiston va Grenada o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunikeni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botir Asadov va Grenadaning Rossiyadagi elchisi Oleg Firer imzoladi.
Hujjatda O‘zbekiston va Grenada ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro anglashuv, do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida BMT nizomi tamoyillari va maqsadlari hamda xalqaro huquqqa amal qilgan holda 1961-yil 18-apreldagi diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi, 1963-yil 24-apreldagi konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga muvofiq va BMT nizomida belgilangan tamoyillar asosida diplomatik munosabatlar o‘rnatishga qaror qilganlari qayd etiladi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat elchilari tomonidan O‘zbekiston va Grenada o‘rtasida tomonlarni qiziqtirgan sohalarda, jumladan, xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari batafsil muhokama qilindi.
Izoh (0)