Turkiyadagi AK partiyasi deputati Shirin Unalning uyida shubhali tarzda o‘lgan Nodira Qodirovaning akasi Muhammad Ali Qodirov “Haberdar” nashriga bergan intervyusida singlisining o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlarni so‘zlab berdi, deb yozadi “To‘g‘ri.uz”.

Foto: “To‘g‘ri.uz”

Muhammad Ali Qodirov uchta turli gazetalarga intervyu bergani, biroq bularning birortasi chop etilmaganini ta’kidladi. Nodira Qodirovaning akasi “bosim o‘tkazilgan deb o‘ylayman. Bu mavzuda xabar qilinishi to‘siqqa uchramoqda. Men bilan qilingan intervyular nega chop etilmadi”, degan Muhammad Ali Qodirov.

Singlimning o‘lganini 23-sentabr kuni kechki soat 20:48 da Shirin Unalning telefon qilganidan bildim. Qo‘ng‘iroq qilib “Men Shirin Unalman. Uyimda to‘pponcha yo‘qolgan”, dedi. Singling o‘g‘irlab senga olib bordimi, deb so‘raydimi deb o‘yladim. “Nima bo‘ldi”, dedim. “Singling manyak. To‘pponchamni o‘g‘irlab xonasiga bekinib olgan”, dedi. Shu gaplarni aytayotganida ovozlar eshitildi. Shu paytda telefonni o‘chirib qo‘ydi. Keyin darhol taksiga o‘tirib uyiga bordim”, degan Muhammad Ali.

Uyiga borganimda meni kiritishmadi. Uyini oldida o‘nga yaqin politsiya mashinalari bor edi. Bitta politsiyachidan “singlimga nima bo‘ldi” deb so‘radim. “Hech gap yo‘q. Qo‘liga o‘q tegibdi”, dedi. Politsiyachilar bilan gaplashib turganimda Shirin Unal chiqdi va “Singling manyak. Boshiga o‘q uzdi”, dedi. Eshitganlarimga ishonmadim va qotib qoldim. “Singling Bilkent shahar shifoxonasida” dedi. Shoshilinch yetib kelganim uchun yonimda pul yo‘q edi.

Politsiyachidan shifoxonaga yetkazishlarini so‘rab yolvordim. “Olib borolmaymiz, taksi ushlab bor” dedi. Shirin Unal “Shunga pul beringlar” dedi. Bitta politsiyachi cho‘ntagidan 50 lira chiqarib berdi. Taksiga o‘tirib shifoxonaga bordim. Meni ichkariga kiritishmadi. Bir soat kutganimdan keyin shifokor chiqib “Singlingizni yo‘qotdingiz” dedi. Ishonolmadim. Singlimni ko‘rsatishlarini so‘radim. “Bo‘lmaydi, prokuror ruxsati kerak” dedi. Prokuror soat 1:00 da keldi. Bir soat morgni oldida kutdim. Prokuror “Singlingning biror muammosi bormi deb bir-ikki savol so‘radi. Prokurorga “Singlim o‘zini otadigan darajada emas” dedim.

“Singlimni ko‘rishni istayman”, dedim. Prokuror politsiyachilardan biriga “Rasmi bormi” deb so‘radi. O‘shanda rasmlarni ko‘rsatdi. Singlim rosa kaltaklangan. Rasmlardan ko‘rinib turgandi. Oldin ham aytganimdek, o‘q kirgan yerlarda kuyik izlari yo‘q edi. Rasmlarda qurol boshqa joyda, o‘qdoni boshqa joyda edi. Singlimni aniq avval kaltaklashgan, vahshiylarcha o‘q uzgan. Boshqa qo‘rqmayman, bundan keyin jim turmayman, kerak bo‘lsa, Turkiyaga ham boraman”, degan Muhammad Ali Qodirov.

Shifoxonaga borgunimgacha na Ibrohim, na oilasi, na qizlari telefon qildi. Hech kim kelmadi. Rasmlarni ko‘rgandan keyin singlimni ko‘rishni istadim. Morgga bordim va ko‘rdim. Voqeadan olti soat o‘tib tun yarmida shifoxonaga janoza mashinasi keldi. “Ertaga ertalab sud-tibbiy ekspertizasiga keling. Kerakli hujjatlarni qilasiz”, dedi shifoxona bosh shifokori.

Soat to‘qqizlarda boshlig‘im keldi. Istanbuldan Laylo va bir opamiz ham keldi. Boshlig‘imning mashinasida to‘rt kishi sud-tibbiy ekspertizasiga bordik. U yerda kutib turganimizda Ibrohim keldi. Shirin Unalning ishchisi. “Hamma narsa tayyor” dedi. “Kirib imzo qo‘ying” dedi. Imzo qo‘ygach, u yerga yaqin joydagi bir firma bilan kelishuv qildik. Ibrohim hamma xarajatlarni hal qildi. 24-sentabr kuni kechqurun singlimning jasadini Istanbulga yuborishdi. Samolyotdami, mashinada yuborishdimi bilmadim. Singlimning jasadi aeroportning 3-morgida bo‘lishini aytishdi faqat.

24-sentabr kuni kechasi Istanbulga borishdan oldin singlimning narsalarini olish uchun uyiga bordim. Meni eshikni oldida kutib olishdi. “Xudo sabr bersin” dedi. Qo‘limga pul qistirmoqchi bo‘ldi. Unalning pul taklif qilishini qabul qilmadim. Umuman pul olmadim. Undan keyin qizlari va xotini bilan uchrashdim. Ibrohim va Shirin Unal hovlida edi. Men uydaligimda singlimning narsalarini mashinaga yuklashgan ekan. Uydan chiqqanimdan keyin haydovchi meni avtostansiyaga tashlab ketdi. Istanbulga ketdim.

Istanbulda bir kecha qolganimdan keyin 25-sentabr kuni soat 22:45 dagi reys bilan singlimning jasadini O‘zbekistonga olib ketdim. Men bilan biror bir odam kelmadi. O‘zbekistonda menga bosim o‘tkazilmadi. O‘zbekiston konsulxonasi mas’ullari hech nima demadi. Bu odamlarning qo‘li juda uzun, bilib turibman. Qo‘rqmayman, singlim uchun adolat talab qilaman”, degan Muhammad Ali Qodirov.