Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan joylarda harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilikni jalb etgan holda qator tadbirlar, xususan, davra suhbatlari, uchrashuv o‘tkazilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Shu kunlarda Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi ofitserlaridan iborat ishchi guruhlar Sirdaryo viloyatida e’lon qilingan “Ma’naviyat haftaligi” doirasida eng chekka hududlardagi 40 dan ortiq umumta’lim maktablarida bo‘lib, yoshlarni harbiy vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviyatlarini yanada oshirish va kitobga oshno qilish bo‘yicha uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazdi.
Maktab o‘quvchilari uchun tashkil etilgan bu kabi uchrashuvlar ular dunyoqarashini yuksaltirish, san’at, badiiy adabiyotga nisbatan mehr hislarini uyg‘otishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Eng faol o‘quvchilarga harbiy xizmatchilar tomonidan badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.
“Mudofaa vazirligi tomonidan bu ishlar davom ettirilib, boshqa viloyatlarda ham “Ma’naviyat haftaligi” tashkil etilib, yuqoridagi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)