AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Oq uyning Donald Trampning impichment jarayoni bo‘yicha hamkorlik qilishdan bosh tortishini demokratiyaga xiyonat deb atadi. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.
Uning fikricha, Donald Trampning harakatlari milliy xavfsizlikka tahdid soladi.
“Prezidentning harakatlari bizning milliy xavfsizligimizga tahdid soladi, Konstitutsiyamizni buzadi va saylovlarimiz haqqoniyligiga putur yetkazadi. Oq uyning xati uning demokratiyamizga xiyonatini yashirishga so‘nggi urinish va prezident qonundan ustun ekanligini ta’kidlashdir”, — degan Nensi Pelosi.
Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyning xati 2020-yilgi saylovlarga aralashmasligi uchun AQSh ma’muriyatining boshqa davlatlarga nisbatan tazyiqlarini yashirishga urinishdir.
Pelosining ta’kidlashicha, AQSh prezidenti o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qildi va “konstitutsiyani himoya qilish va uni saqlab qolish” haqidagi va’dasini buzdi.
“Janob prezident, qonundan ustun emassiz. Siz javobgarlikka tortilasiz”, — deya so‘zlarini yakunlagan Vakillar palatasi spikeri.
Avvalroq Oq uy o‘z xatida prezident impichmenti jarayonida Kongress demokratlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganini ma’lum qilgan. AQSh prezidenti ma’muriyati impichment jarayonini 2016-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, 25-sentabr kuni AQSh Kongressi vakillar palatasi Tramp impichmenti bo‘yicha jarayonlarni boshlab yuborgandi. Bunga uning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbati sabab bo‘lgan.
Izoh (0)