Fergana News Roskomnadzorning taqiqlangan saytlar reyestridan chiqarildi. Bu haqda agentlik saytida ma’lum qilindi.
Xabarda aytilishicha, agetlik sayti nega bloklangani dastlab noma’lum bo‘lgan. Chunki Roskomnadzor bu haqda hech qanday ogohlantirish bermagan. Keyinchalik Inson huquqlarini himoya qiluvchi “Agora” guruhi huquqshunosi Damir Gaynutdinov bloklanishga Bishkekda nafaqaxo‘rning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar sabab bo‘lganini aniqlagan.
Agentlik bosh muharriri Mariya Dubnovaning aytishicha, Fergana News bu xabarni saytdan o‘chirib yuborgan va bu haqda Roskomnadzorga ma’lum qilingan. U nega Roskomnadzor suiqasd haqidagi xabarning o‘zini emas, butun saytni bloklashga qaror qilgani tushunarsiz ekanini qo‘shimcha qilgan.
Fergana News agentligi 1998-yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘rta Osiyo haqida yozadigan OAVdir.
Eslatib o‘tamiz, Saytga kirish 1-oktabr, seshanba kuni “Axborotlashtirish, axborot texnologiyalari va axborotni himoya qilish to‘g‘risidagi” qonunning 15.1-moddasiga asoslanib cheklab qo‘yilgan. Agentlik vakillari saytning ogohlantirishsiz bloklanganiga izoh talab qilib Roskomnadzorga so‘rovnoma yuborgan.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Fergana News bloklanganidan xavotirda ekanini bildirgan.
Fergana News O‘zbekiston hududida ham 2019-yil may oyiga qadar bloklangan edi.
Izoh (0)