Instagram foydalanuvchining layklari, izohlari va yangi obunachilari haqidagi ma’lumotlar bo‘lgan following (“Obunalar”) yorlig‘idan voz kechmoqchi. TJournal’ning yozishicha, bu funksiya bir hafta ichida yo‘qoladi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayrim foydalanuvchilarda bu yorliq 2019-yilning avgustidayoq yo‘qolgan. Endi kompaniya following barcha foydalanuvchilardan yo‘q bo‘lishini tasdiqladi. Shundan so‘ng yurakchani bosganda ekranning pastki qismida foydalanuvchi akkaunti bilan bog‘liq harakatlargina ko‘rinadi.
Kompaniya bu funksiyadan tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida voz kechmoqda. Instagram bo‘yicha menejer Vishal Shahning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik foydalanuvchilar bu yorliq haqida bilmagan va shu sababli undan foydalanmagan. Shah bunday qarorni ijtimoiy tarmoq interfeysi soddalashtirilishi bilan izohlagan.
“Odamlar har doim ham ularning faoliyati boshqa foydalanuvchilarga ko‘rinishini bilmaydi. Bundan chiqdi, ushbu funksiya har doim ham belgilangan maqsadda foydalanilmaydi. Ularning harakatlari dasturda aks etishi odamlarda taajjub uyg‘otadi”, — deydi Vishal Shah.
Instagram following yorlig‘ini 2011-yilda ishga tushirgan. O‘sha paytda bu funksiya yangi kontentni izlash vositasi sifatida xizmat qilgan, lekin endi bu vazifani “Izlash” tugmasini bosganda chiqadigan qiziqarli postlar bajarmoqda. Following orqali esa foydalanuvchilar o‘z sheriklari va do‘stlarining faoliyatini kuzatishni boshladi.
Izoh (0)