Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Qarshi shahrida yangi qurilgan, to‘g‘rirog‘i qurilayotgan ko‘p qavatli uyning xonadonlaridan biri 2 ta shartnoma asosida ikki nafar xaridorga sotildi. Eng qizig‘i, har ikkala xaridor ham uyning boshlang‘ich to‘lovini amalga oshirgan. Bu haqda “Daryo”ga qashqadaryolik Mahmadiyor Rajabov shikoyat qilgan.

Foto: “Daryo”

Mahmadiyor Rajabovning ma’lum qilishicha, uy sotib olaman deb chuv tushganlar bir necha kishini tashkil qiladi. “Daryo” muxbiri ular bilan muloqot qildi.

— Ukam Ismadiyor Rajabov nomiga uy sotib olish uchun 2017-yil 18- dekabr kuni “Shovot maxsus bino qurilish” MChJ rahbari Dilmurod O‘taganov bilan 33-sonli shartnoma imzolab, dastlabki badal to‘lovi uchun 48 million so‘m pul to‘ladim, — deydi Mahmadiyor Rajabov. — Shartnomaga ko‘ra, 2018-yil mart oyida uy qo‘limga tegishi kerak edi. Ammo oradan shuncha muddat o‘tsa-da, ololmayapman. Dilmurod O‘taganov “uyni bugun qilib beraman, ertaga qilib beraman”dan nariga o‘tmayapti.

Mahmadiyor Rajabov.

Mahmadiyor Rajabov.
Foto: “Daryo”

Mahmadiyor Rajabovning aytishicha, sotib olinajak uyning dastlabki badal to‘lovi — 48 million so‘m qurilish tashkiloti rahbari qistovi bilan naqd shaklda to‘langan.

— “Pulni qurilish ishlariga ishlataman, hozir bizda naqd pul olinayapti” dedi, — hikoya qiladi Mahmadiyor Rajabov. — Shu boisdan ham xo‘p deb, pulni naqd to‘ladim. To‘lov kvitansiyasini berdi, albatta. Qo‘limdagi shartnoma va kvitansiyaga ishonib qolibman-da. Menga beraman deb ko‘rsatgan ikki xonali uyini 2018-yil allaqachon boshqa xaridorga sotib yuborgan ekan. Buni yaqinda bildim.

Foto: “Daryo”

Quruvchi tomonidan taklif qilingan 2 xonali uyning kvadrat metri 2 million 600 ming so‘mdan hisoblanib, jami 195 millionga baholangan. Xaridor 48 million so‘m dastlabki badal to‘lovidan tashqari ayni kunga qadar yana 25 million so‘m to‘lagan.

— Uy uchun jami 73 million so‘m to‘laganman, — deydi Mahmadiyor Rajabov. — 122 million so‘m qolganini aytgandi. Endi 73 million so‘m ham, uy ham yo‘q.

Keyingi uy xaridori Abbos Hayitovning bildirishicha, 4 qavatli 54 xonadonli ko‘p qavatli uyni qurayotgan Dilmurod O‘taganov u bilan shartnoma tuzayotganda uyni 2017-yil noyabr oyida qabul qilib olishini aytgan.

Aniqlanishicha, Abbos Hayitov bilan imzolangan 9-sonli shartnoma 2017-yil 14-mart kuni tuzilgan.

Abbos Hayitov.

Abbos Hayitov.
Foto: “Daryo”

— 121 million 186 ming so‘m baholangan 1 xonali uy uchun 40 million so‘m pul to‘ladim, — deydi Abbos Hayitov. — Pulni naqd to‘lashim kerakligini aytdi. Naqd to‘ladim ham. Bugungi kunga kelib esa kuyib o‘tiribman. Qo‘limdagi shartnoma va kvitansiya bir pulga qimmat. Hech qanday kuchi yo‘q.

Foto: “Daryo”

Abbos Hayitovga ko‘ra, unga atalgan va 40 million so‘m dastlabki badal to‘lovi to‘langan uy ham boshqa xaridorga pullangan.

— Menga ko‘rsatilgan uy ham boshqa birovga sotilgan ekan, buni yaqinda bildim, — deydi Abbos Hayitov.

Mahmadiyor Rajabov va Abbos Hayitov aldanganini bilishgach, Qarshi shahar prokuraturasi, Bosh prokuratura hamda Prezident portaliga shikoyat qilgan. Ammo hech qanday natija chiqmagan. Qarshi shahar prokuraturasi esa yetti oydan beri tayinli gap aytmay, ishni sudramoqda.

— Shahar prokuraturasidan Nursulton ismli tergovchi ishni o‘rgandi, — deydi Mahmadiyor Rajabov. — Ammo 7 oydan beri tayinli gap aytmaydi. Ishni sudraydi. Bir marta borib so‘ragan paytim, quruvchi Dilmurod O‘taganov nomida uylar borligi, unga hech qanday chora ko‘rilmasligini aytdi. Agar mutasaddilarga murojaat qilaversak, pulimizga kuyishimiz ham mumkinligini bildirdi.Murojaatchilarning qo‘shimcha qilishicha, quruvchi uy qurilishi kechikkanini bankdan olinayotgan kredit kechikishi bilan izohlagan.

— Haqiqatan ham kreditni qariyb bir yil kechikib oldim, — deydi “Shovot maxsus qurilish bino” MChJ rahbari Dilmurod O‘taganov. — Shuning uchun ham 2016-noyabr oyida boshlangan qurilish ishlarimiz haligacha yakunlanmadi.

Dilmurod O‘taganov.

Dilmurod O‘taganov.
Foto: “Daryo”

Dilmurod O‘taganovning ma’lumot berishicha, Islom Karimov ko‘chasida qad rostlayotgan 4 qavatli 54 xonadonli uyning umumiy xarajati qariyb 12 millard so‘m. Shundan 6 milliard 700 million so‘mi Milliy bank Qashqadaryo viloyat filialining 14-16 foizli krediti hisoblanadi.

“Daryo” muxbiri bilan muloqot qilgan bank mutasaddisi kredit kechikishining boisini izohlashni istamadi. O‘sha paytda mazkur bankda ishlamaganligini, holatdan xabari yo‘qligini aytdi.Qurilish tashkiloti rahbari Dilmurod O‘taganov Ismadiyor Rajabov bilan shartnoma qilingan uy Bahrom Uzoqov ismli xaridorga sotilganini quyidagicha izohladi.

— Uy qurilayotgan payt nomerlangan xonadonlarga kadastr qilingach, boshqa raqam berilgan, — deydi Dilmurod O‘taganov. — Ya’ni o‘sha paytda 25-raqamli xonadon kadastr hujjati qilingach, 27- yoki 28-raqamli uyga aylanib qolgan. Shu boisdan ham Ismadiyor Rajabov bilan shartnoma qilingan uy boshqa xaridorga sotilgan.

Dilmurod O‘taganovning iqroricha, Ismadiyor Rajabovga ayni kunda uy yo‘q.

— Ammo imkonini qilamiz va uy beramiz, — deydi Dilmurod O‘taganov. — Faqat ozgina kutishi kerak.

Ismadiyor Rajabovga atalgan uyga ega chiqqan xaridor Bahrom Uzoqovning vakili Matluba O‘rinovaning aytishicha, sotib olingan yangi uyning eshik-derazalarida rom o‘rnatilmagani yetmaganidek, uy ichkarisidagi pardozlash ishlari ham oxiriga yetkazilmagan.

Foto: “Daryo”

— Uyni “korobka” shaklida qabul qildik, — deydi Matluba O‘rinova. – Hatto deraza va eshiklar uchun romlarni ham o‘zimiz o‘rnatyapmiz. Eng yomoni, xonalardagi so‘nggi pardozlash ishlari ham qilinmagan. Usta yollab, uyni ta’mirlatayapmiz. Uy kreditini 6 oydan beri to‘layotgan bo‘lsak-da, ammo uy hali yashashga yaramaydi. Ayni kunga qadar 15 million so‘m xarajat qildik.Matluba O‘rinovaning aytishicha, shahar hokimligi uyning yashashga yaramasligi, hali tayyormasligini bilsa-da, uyni sotishga ruxsat bergan.

Dilmurod O‘taganov Matluba O‘rinova shikoyatlarini tinglar ekan, ta’mirlash ishlarini davom ettirishini, yakunda barcha xarajatlarni to‘lab berishga kelishganini aytdi. Matluba O‘rinova esa kelishuv og‘zaki bo‘lgani, quruvchi ertaga gapidan tonib qolishidan cho‘chishini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi qurilayotgan uy o‘rnida 7 ta barak uy bo‘lgan va ularning 4 nafari ham ushbu ko‘p qavatli uylardan xarid qilgan. Ammo aksariyat uy egalari eshik va deraza romidan tortib, xona ichidagi pardozlash ishlarigacha o‘zlari bajarganini aytmoqda.

Foto: “Daryo”

Gapning indallosini aytganda, yangi qurilgan uylar yashashga tayyor bo‘lmagan holda sotilmoqda.

4-oktabr kuni “Daryo” muxbiri bilan voqea joyida bo‘lib, vaziyatdan xabar topgan Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov quruvchi Dilmurod O‘taganovga xato qilganini, mazkur xato badali og‘ir bo‘lishini aytdi. Uyni sotishni bekor qiluvchi qaror chiqarishlarini bildirdi. Murojaatchilar muammosini yechish uchun muhlat berdi. Ammo belgilangan muddatda murojaatchilar muammosi hal etilmadi.

Foto: “Daryo”

Yana bir uy xaridori Bekzod Berdiyevning shikoyat qilishicha, ikki xonali uy 180 million so‘mga baholanib, 2017-yil 2-avgust kuni u bilan shartnoma tuzilgan.

— Oradan ikki yildan ko‘p vaqt o‘tsa-da, uydan darak yo‘q, — deydi Bekzod Berdiyev. — Mendan uyning dastlabki badal to‘lovi sifatida 53 million so‘m pul olgan qurilish tashkiloti rahbari Dilmurod O‘taganovni izlab topolmayman. Qochib yuribdi.

Bekzod Berdiyevning taxminicha, unga atalgan uy ham allaqachon o‘z xaridorini topgan.

Foto: “Daryo”

— Bekzod Berdiyevga sotilgan uy hech kimga berilgani yo‘q, — deydi Dilmurod O‘taganov. — Faqat hujjat qilib berolmayapman, xolos. Boisi undan olingan naqd 53 million so‘mni bankka topshirmaganman va qurilish ishlariga sarflaganman. Bugungi kunga kelib esa o‘sha pulni bankka xaridor Bekzod Berdiyev nomidan topshirolmayapman.

Uy sotib olaman deb chuv tushgan yana bir murojaatchi Nuriddin Ibragimov ham 2018-yili “Shovot maxsus qurilish bino” MChJ ga 36 million 600 ming so‘m to‘laganligini, o‘shandan buyon na uy va na puldan darak bo‘lmaganidan nolimoqda.

Foto: “Daryo”

Jurnalistik kuzatuvlarimiz davomida aniqlanishicha, mazkur ko‘p qavatli uydagi xonadonlar narxida katta tafovut bor. 2 xonali uy xaridorlar — Ismadiyor Rajabov hamda Bekzod Berdiyevga har xil narxlarda taklif qilingan. Nega?

Foto: “Daryo”

Uy xaridorlarining shikoyatini o‘rganish chog‘i ularning mutasaddi tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilganliklarini eshitdik. Murojaatchilar har gapning birida shahar hamda respublika prokuraturasiga takror-takror murojaat qilishgani, ammo prokuratura vaziyatni ko‘ra-bila turib sukut saqlaganini aytmoqda. Murojaatchilar so‘rovi yetti oylab cho‘zilishi va prokuratura vakillarining “sukuti” sababini bilish maqsadida viloyat prokuraturasi bilan bog‘landik. Viloyat prokuraturasida axborot xizmati mas’uli o‘zgarganini aytgan navbatchi murojaatimiz haqida mas’ulga xabar berishi, mas’ul tez orada biz bilan bog‘lanishini aytgan bo‘lsa-da, hech kim biz bilan aloqaga chiqmadi.

“Daryo” Qashqadaryo viloyat prokuraturasidan sado chiqishini kutadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Irlandiyadagi qamoqxonada “buyuk qochish”, sakkiz soatli ish rejimini qo‘llagan Genri Ford va qon quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot. Kun xronologiya...
Mahalliy
“Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak” — Vladimir Norov
Mahalliy
Foto: Dubay—Namangan—Dubay yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi