Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Avvalroq, “Qashqadaryoda Damas haydovchilarining hujjati olib qo‘yilib, paxtaga odam tashishga majbur qilingani aytilmoqda” sarlavha ostida maqola e’lon qilingandi. Maqolada Koson tuman YPX inspektorlari haydovchilarning hujjatini olib qo‘yib, har kuni paxtaga bepul hasharchi tashishga majbur qilingani haqida so‘z borgandi. Maqolaga Koson tuman hokimligi munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Tuman hokimligi axborot xizmatining yozishicha, paxtaga hasharchi tashish uchun 77 ta avtobus jalb qilingan. Ta’kidlanishicha, hasharchi tashishga xizmat qilayotgan 77 ta avtobuslarga xizmat haqi to‘lanadi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining munosabatida shunday deyiladi: “...maqolada aytilgan 44 ta Damas avtomobillari haydovchilarining hech biri yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi inspektorlari tomonidan to‘xtatilmagan va ular mehnatidan foydalanilmagan”.

Shuningdek, maqolada Qarshidan Kosonga qatnovchi Damas haydovchilarining 50—60 foizida avtomobilining texnik pasporti yo‘qligi va YPX xodimlari olib qo‘yganligi ham aytiladi. Ammo bu ko‘rsatkichdagi yo‘lovchi tashuvchi haydovchilarning texnik pasporti aslida mavjud emas. Ularning ko‘p noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanmoqda. O‘tkazilgan “reyd”larda bunday holatlar to‘liq isbotlangan va noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan haydovchilarga tegishli choralar ko‘rilgan.

“Qarshi—Koson” yo‘nalishida harakatlanuvchi 44 ta Damas avtomobillarining 50—60 foizida texnik pasport yo‘q deyilmoqda. YPX inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan “reyd”larda bu o‘z isbotini ham topgan. Shunday bo‘lsa-da, texnik pasportsiz harakatlanayotgan avtomobillarga noqonuniy odam tashigani uchun jarima qo‘llanib, yana o‘z faoliyatini yuritishga qo‘yib berilgan. O‘z-o‘zidan 50—60 foizni tashkil qiluvchi “damaschilar” avtomobilining texnik pasportisiz qanday harakatlanmoqda degan savol tug‘iladi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining yozishicha, YPX inspektori Akrom Avazov haydovchi Murod To‘xtayevning Damas’i hujjatini olganini rad etib, so‘ziga javob berishini ham aytibdi.

“Men paxta mavsumi boshlangandan beri hech bir Damas haydovchisini to‘xtatganim yo‘q. Chunki menga hasharchi tashish bilan shug‘ullanayotgan avtobuslarni nazorat qilish topshirilgan. Agar kimningdir texnik pasportini olgan bo‘lsam, albatta, so‘zimga javob beraman. Lekin menda Mardon To‘xtayev ismli haydovchining hech qanday texnik pasporti yo‘q”, — deydi Akrom Avazov.

Koson tuman Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Xolmatov “Daryo” muxbiri bilan suhbati davomida “Agar anglashilmovchilik sabab xodimlarimiz kimningdir hujjatini olgan bo‘lsa, bugunoq qaytarib beramiz”, — degan. Munosabatda yozilishicha, “GAI”lar boshlig‘i aytgan gapidan qaytibdi.

“Biz joriy yilning 10-sentabrida tuman hududida ‘Paxta—2019’ mavsumida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yig‘ilish o‘tkazganmiz. Yig‘ilishda paxtaga hasharchi tashishda avtobuslardan foydalanish haqida bir qarorga kelingan. Agar Damas haydovchilarida ham hasharchi tashish istagi bo‘lsa, ularga xizmati uchun haq to‘lanishini tushuntirganmiz. Biroq hech bir haydovchining texnik pasportini olib paxtaga bepul odam tashishga majburlanmagan. Qiziq tomoni shundaki, bizda avtobuslar soni yetarli bo‘lgani uchun Damas’lar kuchidan foydalanishga ehtiyoj mavjud emas”, — deydi Shuhrat Xolmatov.

6-oktabr kuni “Daryo” muxbiri bilan telefon orqali muloqot qilgan Mardon To‘xtayevning aytishicha, YPX xodimi Akrom Avazov jurnalist ushbu masalani surishtira boshlagach, 5-oktabr kuni kunduzi soat 10:00 da hujjatini qaytarib bergan. Ammo 6-oktabr kuni yana hasharchilarni manzilga eltishni so‘ragan.

Mardon To‘xtayevning bildirishicha, u YPX inspektori Akrom Avazov topshirig‘i bilan tumanning Boyg‘undi qishlog‘idan tuman markaziga qadar 6 nafar hasharchi ayolni bepul yetkazib qo‘ygan.

“Agar Akrom Avazovning topshirig‘ini bajarsam, yetti nafar yo‘lovchi olsam ham indamaydi-da. Bo‘lmasa, 7 nafar yo‘lovchi olgan paytlarimiz to‘xtatib ‘garang qilishadi’ ”, — deydi Mardon To‘xtayev.

Tuman hokimligi axborot xizmatining yozishicha, Qarshidan Kosonga qatnovchi Damas’lar faoliyatini nazorat qiluvchi “Nasaf audio-video” MChJ ish yurituvchisi Mavjuda Uvayeva tuman hokimligida 10-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etmagan. Shu boisdan ham yig‘ilishdagi gaplarni boshqacha talqin qilgan.

Koson tuman hokimligi axborot xizmatining tezkor munosabati tahsinga loyiq, albatta. Biroq xizmat vakillarining masala mohiyatini chuqur anglab yetmasdan ko‘rinib turgan dalillarni inkor etishi insofdanmas. Hokimlik axborot xizmati mas’ullarining shoshgani haydovchilar ism-sharifini chalkashtirish va maqolada YPX inspektorlari tomonidan olib qo‘yilgani aytilgan texnik pasportni yo‘lovchi tashish uchun ruxsatnoma — litsenziya bilan adashtirgani ham isbotlab turibdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Navoiydagi ko‘p qavatli uylarda lift muammosi: aholi lift ishlamayapti desa, mas’ullar uning to‘xtatilishiga lift ichidagi o‘g‘rilik, fohishabozlik sabab demoqda
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 26-sentabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
“Toshkent hokimligi barcha OAV vakillari bilan ishlashga tayyor va hozirjavob bo‘ladi”. Zoir Mirzayevning matbuot kotibi jurnalistlar bilan muloqot qildi