Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining ‘Davlat tili haqida’gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi O‘zA.
Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning puxta tayyorgarlik asosida, yuqori saviyada o‘tkazish lozimligi belgilandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi barcha shahar va tumanlarda bayram tadbirlari tashkil etiladi; umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tili mavzusida insholar tanlovini o‘tkaziladi; mamlakatdagi teatrlar va kinoteatrlarda, madaniyat saroylarida buyuk allomalar haqidagi spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar namoyishini tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda “O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida respublika konferensiyasi o‘tkaziladi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini o‘tkazish va “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari tuziladigan bo‘ldi.
Shuningdek, hududlarda til bayramiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kechalar hamda yangi kitoblar taqdimoti amalga oshiriladi.
Izoh (0)