2-oktabr kuni Lotte City Tashkent mehmonxonasida Rossiya Ichki ishlar vaziri yordamchisi Irina Volk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda soha xodimlari va ommaviy axborot vakillariga IIV tizimida jamoatchilik bilan ishlash, muhim hodisalarni operativ tarzda ommaga yetkazish, muntazam auditoriya bilan muloqotda bo‘lish zaruriyati ta’kidlandi, deb ma’lum qildi “Daryo” muxbiri.
Irina Volkning ta’kidlashicha, press byuro vazirlik va jamoatchilik o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi. 24 soat jurnalistlar savollariga javob berish, matbuot anjumanlarini o‘tkazish, press-turlar tashkil etish, ma’lumotlarni monitoring qilish jamoadan professional yondashuv va mas’uliyat talab etadi.
Delegatsiya a’zosi Irina Bayanovaga ko‘ra, Rossiya aholisining aksariyat qismi internet xususan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Odamlar qiziqishi va qarashlarini inobatga olgan holda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lish davr talabi sanaladi. Shu bois IIVning rasmiy sahifalarida muntazam yangiliklar va ma’lumotlar yangilab turiladi.
2019-yil yanvar va avgustdagi ma’lumotlar solishtirilganda VKontaktedagi kuzatuvchilar 143 mingdan 176 mingga, “Odnoklassniki”da 174 mingdan 191 mingga, Twitter’da 132 mingdan 137 mingga, Instagram’da 135 mingan 171 mingga, Youtube’da 11 mingdan 33 mingga o‘sgani ma’lum bo‘lgan.
Izoh (0)