2—4-oktabr kunlari Tashkent Book Fest – 2019 Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma—yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar berdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu yirik madaniy tadbirda yetti mamlakat — Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Koreya, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya davlatlaridan 16 ta nashriyot va kitob savdosi tashkilotlari vakillari ishtirok etadi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi elchixona va xorijiy kompaniyalar, xususan, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi, Xitoy elchixonasi, Janubiy Koreya elchixonasi, Toshkent shahridagi Gyote instituti vakillari ham ko‘rgazma—yarmarka ishtirokchilari bo‘lishadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi 30 dan ortiq davlat va xususiy nashriyot hamda kitob savdosi tashkilotlari ham mahsulotlarini namoyish etadi.

Ko‘rgazma doirasida qiziqarli kitoblar taqdimotlari, mushoiralar, intellektual o‘yinlar, adiblar bilan ijodiy uchrashuvlar, adabiy viktorinalar, davra suhbatlari hamda mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan.

Xalqaro kitob ko‘rgazma—yarmarkasi “O‘zekspomarkaz” (Atrium)da bo‘lib o‘tmoqda. Kirish — bepul.

Xalqaro ko‘rgazma-yarmarkaning birinchi kunida o‘tkaziladigan tadbirlar ro‘yxati bilan quyida havola orqali tanishish mumkin.