Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining AKT sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining bank bo‘limi sobiq rahbari Kirill Cherkalin Moskvadagi FXX binosi yaqinida pora olganligi aniqlandi. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.
Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, Cherkalin “Transportniy” bankining sobiq egasi Aleksandr Mazanovdan pora olgan. Ularning o‘rtasida vositachilik vazifasini FXX polkovnigi Mixail Gorbatov va “Yevropeskoye Podmoskovye” kompaniyasining ta’sischisi va Mazanovning maslahatchsi bo‘lgan Arno Xojoyan bajargan.
Ta’kidlanishicha, Gorbatov Cherkalinni banki uchun “panoh” sifatida 2013-yilda taklif qilgan. Cherkalin har oyda Mazanovdan uning bankiga “panoh” bo‘lgani uchun 50 ming dollardan olgan. Mazanov esa dastlab polkovnikka aniq ishlar uchun pul to‘lashni xohlagan. Biroq bankka haqiqatan ham yordam kerak bo‘lganda, polkovnik mukofot puli talab qilgan.
Natijada Cherkalin 2015-yilning fevral oyigacha har oyda pora olib turgan. Bank egasi unga jami 750 ming dollar to‘lagan. Qayd etilishicha, Gorbatov ham bu summadan o‘z ulushiga ega bo‘lgan. U pullarni Xojoyandan olgan va ularni Cherkalinga olib borib bergan. Ko‘pincha pullar ko‘chada yoki FXX binosi yaqinidagi kafeda olingan.
Polkovniklar Kirill Cherkalin, Dmitriy Frolov, shuningdek, ularning hamkasbi Andrey Vasilyev joriy yilning aprel oyida qo‘lga olingan. Cherkalin bir necha million rubl pora olganlikda, Frolov va Vasilyev esa yirik miqdorda firibgarlik qilganlikda ayblanmoqda. Tintuv vaqtida ularning uylarida naqd ko‘rinishdagi rubl, dollar va yevrolar topilgan. Tintuv vaqtida topilgan pullarning umumiy miqdori 12 milliard rublni (taxminan 186 million dollar) tashkil qilgan. Xabar berilishicha, to‘plangan pullarni polkovniklar mamlakatdan tashqariga olib chiqib ketishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin.
Davlat xavfsizlik qo‘mitasining sobiq xodimi va biznesmen Aleksandr Lebedevning aytishicha, polkovniklar bir necha yil davomida pullarni o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan bankirlarni himoya qilgan va o‘z ishlari uchun ma’lum miqdorda ulush olgan. Polkovniklarning uyidan topilgan 12 milliard rubl “cho‘ntak puli” ekanligi aytilmoqda.
Avvalroq polkovnik Cherkalinning uyida o‘tkazilgan tintuv hamda pulga to‘la sumkalar va qutilar aks etgan video tarqalgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)