O‘zbekiston Energetika vazirligi va Eriell Group xalqaro neft-servis kompaniyasi tomonidan respublika neft-kimyoviy va elektr energetika tarmog‘i faoliyati bilan tanishtirish maqsadida xorijiy va mamlakat OAV vakillari uchun press-tur tashkil qilindi. Press-turda “Daryo” muxbiri ham ishtirok etdi.
Xorijiy OAV, shu jumladan, Reuters, Le Figaro, Chatham House, Argus Media, Nuclear Intelligence, Energy Intelligence, Upstream, World Nuclear News, IntelliNews, Trend news Agency kabi nashrlar vakillari ilk bor Surg‘il gaz koni va Uz-Kor-Gaz Chemical MChJ QK Ustyurt gaz-kimyo majmuasida bo‘ldi.
Jurnalistlar gaz konini, gazni qazish, yig‘ish, taqsimlash va qayta ishlash jarayonini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, ular O‘zbekistonning shimoli-g‘arbida, Ustyurt platosining janubiy qismida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) joylashgan gaz-kimyo kompleksi bilan tanishdi.
Surg‘il gaz koni ilk bor 1998-yilda foydalanishga topshirilgan, uning razvedkasi va burg‘ulash ishlari “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirildi. 2006-yilda “O‘zbekneftgaz” AJ va Korea Gas Corporation o‘rtasida Surg‘il konini kompleks rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
2013-yilda “Uz-Kor Gas Chemical” o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasi qurilishining faol fazasi boshlandi. Kompleks muddatidan avval, 3 yil-u 3 oyda qurib bitkazildi. 2013-yilda Uz-Kor Gaz Chemical MChJ QK boshqaruvga kirishgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori doirasida Surg‘il koni negizida konni obodonlashtirish bilan birga Ustyurt GKK qurilishi bo‘yicha tender e’lon qilindi. Tender savdolari doirasida quduqlarni qurish va kapital ta’mirlash bo‘yicha ikkita shartnoma imzolandi.
Burg‘ulash paytida 2013-yildan 2015-yilgacha bo‘lgan davrda 35 ta quduq o‘zlashtirildi. 2016-yildan hozirgi paytgacha yana 50 ta quduq o‘zlashtirildi. Bitta quduqning uzunligi 2950 metrni tashkil etadi. Shu kungacha ishlar to‘xtovsiz, tun-u kun davom ettirilmoqda.
Gaz quduqlaridan olinayotgan barcha mahsulot 2015-yilning sentabridan Uz-Kor Gaz Chemical MChJ QK va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan barpo etilgan “Ustyurt GKK” kompleksiga kelib tushmoqda.
Ushbu kompleks 5 zavoddan tashkil topgan: gaz taqsimlash zavodi, etilen ishlab chiqarish bo‘yicha zavod, polietilen ishlab chiqarish bo‘yicha zavod, polipropilen ishlab chiqarish bo‘yicha zavod, energoresurslar bilan ta’minlash bo‘yicha zavod.
Asosiy uskunalar Germaniya, Fransiya, Yaponiya, AQSh, Shvetsiya, Niderlandiya va Koreyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan yaratilgan.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati quyidagicha:
— “Surg‘il” konidan yiliga 3,0 milliard kubometr tabiiy gaz qazib olinadi va transportirovka qilinadi;— “Surg‘il” konidan yiliga 115 ming tonnadan ortiq gaz kondensatini qazib olish, dastlabki tayyorlash va transportda tashish;— Ustyurt gaz-kimyo kompleksida chuqur ishlov berish va qimmatli komponentlarini ajratib olish.
Kompleksning umumiy yillik quvvati quyidagicha:
- 387 ming tonna polietilen;
- 83 ming tonna polipropilen;
- 102 ming tonna piroliz distillyati
- 8 ming tonna piroliz moyi (u keyingi ishlov berish va mahsulot olish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga jo‘natiladi).
Ijtimoiy-iqtisodiy foyda haqida so‘z ketganda, aytish zarurki, 1480 dan ortiq ish joylari tashkil qilindi, ayni paytda tegishli yordamchi xizmatlarda bilvosita bandlik yaratildi.
Xususan, quyidagilar bo‘yicha mavjud infratuzilma yaxshilandi:— ichimlik suvi tizimi;— ishonchli energiya ta’minoti;— transport infratuzilmasi (yo‘llar, t/y);— ijtimoiy infratuzilmaning barpo etilishi (maktablar, kasalxonalar, bog‘chalar va h.z.)
Kompleks xodimlari yashashi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, yangi turar joy posyolkasi bunyod etildi. Hozirgi paytda 140 ta kottej, 144 kishilik 3 ta yotoqxona, bozor qurildi. Bolalar bog‘chasi, maktab, poliklinika qurish va posyolka infratuzilmasini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, uzoq yillar davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgani, malakali xodimlari va infratuzilmasi mavjudligi tufayli 2012-yilda loyiha Project Finance International xalqaro nashri tomonidan neft-kimyo va gaz-kimyo sektoridagi eng yaxshi loyihaviy-moliyaviy bitim deb tan olindi. Trade Finance Magazine va Global Trade Review nashrlari tomonidan “2012-yilning eng yaxshi bitimi” deb tan olingan.
2014-yilda ushbu loyihaga Infrastucture Journal xalqaro nashri tomonidan “2014-yilning global bitimi” mukofoti berilgan.
Izoh (0)