Internet foydalanuvchilari 70 kilogramm paxta tergani uchun 92 yoshli onaxonni mukofotlab, undan sotsialistik musobaqa maqsadida foydalangan Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilarini keskin tanqid qildi, deb yozmoqda Fergana News.
Hokimiyat matbuot xizmati uni yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatgandi. “Onaxon ayni nevara-chevaralar davrasida dam olishi kerak bo‘lgan paytida vijdon amri bilan paxtazorga otlandi. Suyagi mehnatda qotgan emasmi, birpasda anchagina ‘oq oltin’ni etaklarga joyladi. Yoshlar lol...”, — deyilgan hokimlik xabarida.
Nafaqaxo‘r keksa yoshda bo‘lishiga qarmasdan rekord darajada paxta tergani internet foydalanuvchilarida mutassadilar kutmagan tanqidlar keltirib chiqargan.
“Qariyalarimizning keksalikdagi ahvoliga qarang... Na ijtimoiy soha xodimlari patronaj qiladi, na gerentolog shifokorlar, na kundalik terapiyalarni tashkillashtiruvchi terapevtlar, na harakatlanish vositalari (aravachalar, xodunoklar) bor. Faqat xardkor, faqat paxta”, — deb yozgan Davlat boshqaruvi sohasidagi mutaxassis Aziza Umarova Facebook’dagi sahifasida.“Uchta h...dek erkak bir kampirga paxta terdirib, kamiga mukofotlab o‘tirishibdi. Uyat-ey!”, — degan Dilfuza Sobirova.
Tarmoq foydalanuvchilarini, ayniqsa, qariyaga sovg‘a sifatida Artel televizori berilgani g‘azablantirdi. “Uyat! Nuroniy yoshdagi onaxon dalada traktordek ishlayapti! Yana tokchada chang bosib yotuvchi eng sifatsiz televizor berishibdi”, — deya noroziligini bildirgan foydalanuvchi.
“Qariyaning ko‘rinishidan qiynalgani bilinib turibdi. Televizor o‘rniga nafaqasiga qo‘shimcha haq berishsa bo‘larmidi. Qishloqda kim ham televizor ko‘rardi? U yerda svet ham, odamlarning ortiqcha vaqti ham yo‘q. Ular oilasini boqish uchun qishloq xo‘jaligi bilan band”, — degan yana biri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019-yilda qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda — 800 so‘mdan, ikkinchi terimda — 1200 so‘mdan pul berilishi belgilangandi.
Izoh (0)