Xitoyning Hebei Good Hope Logistics Development kompaniyasi O‘zbekistonda yo‘lovchi va yuk tashuvchi elektromobillar (pikaplar) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda, Vazirlar Mahkamasi qaroriga asoslanib, Spot xabar bermoqda.

Foto: Spot

Tegishli kelishuvga Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil aprel oyida Xitoyga amalga oshirgan tashrifi va “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumidagi ishtiroki doirasida erishilgan. Kelishuvlarnin umumiy miqdori 4,3 trillion dollar, loyihalar soni esa 54 ta.

Pikaplardan tashqari, Hebei Good Hope Logistics Development kompaniyasi “Angren” erkin iqtisodiy zonasida bir qator ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushiradi. Jumladan,

  • yuqori sifatli me’moriy oyna (3—12 millimetrli);
  • velosipedlar (mahalliylashtirish darajasi kelgusida 50 foizgacha yetkaziladi);
  • elektrotexnika mahsulotlari (dvigatellar, nasoslar, elektr yurgizgichda ishlaydigan qurilish vositalari va hokazo);
  • fotoelektrik modullar;
  • va boshqalar.

Dastlabki loyihalar 2021-yilning yanvarida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Avvalroq, 2017-yil oxirida Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi O‘zbekistonda Amarok pikaplarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi, ammo 2019-yilda bu loyiha to‘xtatilgani, Volkswagen bilan boshqa kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. Qayd etish joiz, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda elektromobillar mavzusi ko‘p ko‘tarilmoqda.

Qo‘qonda Xitoy va Janubiy Koreya shirkatlari elektrokar ishlab chiqarishi xabar qilindi (xitoyliklar bilan hamkorlikda yig‘iladigan mashinalar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘lishi aytilmoqda), Farg‘ona, Buxoro, Anlijonda elektrokar ishlab chiqaradigan zavodlar qurish rejalari e’lon qilingan, bu yo‘nalishda nafaqat Xitoy, balki Qozog‘iston ham hamkor bo‘lmoqchi. “O‘zavtosanoat” ham shu yo‘nalishda ish olib bormoqda.