“Xalq banki” Bo‘ka filiali boshqaruvchisining birinchi o‘rinbosari Z.X. tumandagi “M-B” dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan muhr, shtamp va boshqa hujjatlarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, soxta hujjatlar bilan jami 7,1 milliard so‘mlik tovar aylanmasini amalga oshirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Bo‘ka tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Z. X. akasi V. X. bilan 1,3 milliard so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.
Shuningdek, Z.X. mansab vakolatini suiiste’mol qilib, onasi va amakisi nomiga 15 million so‘mdan jami 30 million so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirib, mazkur pul mablag‘larini “M-B” dehqon xo‘jaligi hisob-raqamiga o‘tkazib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, Z.X. va boshqalar 317,7 million so‘m pul mablag‘larini moliyaviy yordam sifatida turli xo‘jalik yurituvchi subyektlarga o‘tkazib naqdlashtirib olganligi, AT “Xalq banki”ning lotereyalarini olish uchun “M-B” dehqon xo‘jaligi hisobidan 141,4 million so‘mni o‘tkazib, lotereyalarni bozorlarda naqd pulga sotganligi aniqlanib, jami 459,1 million so‘m naqd pul mablag‘larini bank muassasasiga topshirmasdan, avtomashina sotib olish uchun olingan kredit to‘lovlarini to‘lashga va turar joy sotib olishga sarflab, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Z.X. va boshqalarga nisbatan JKning 167, 168, 179, 209 va 243-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)