Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi 22 gektar maydonni egallagan “Qosim Shayx” qabristoniga mayitlarni shariat qonun-qoidalariga muvofiq tarzda dafn etib bo‘lmayapti. “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilinishicha, bunga yerni 2—2,5 metr kavlaganda, ostidan suv chiqib kelayotgani sabab bo‘lmoqda.
“Bundan to‘rt-besh yil avval ham birodarlarimizni “Qosim Shayx” mozoriga shariat qoidalariga muvofiq, izzat-ikrom bilan dafn qila olardik. Lekin yerosti sho‘r suvlari ko‘tarilib borishi oqibatida endi mayitlarni urf-odat bo‘yicha dafn qilolmayapmiz. Yerni shunday qazib, shunday ko‘mib ketyapmiz”, — deydi Xalil ota Eshmurodov.
Atrofidan kanal, suv quvurlari o‘tgan qabristonda bir yil avval vaziyat hozirgidan ham yomonroq bo‘lgan — suv yerni bir metr qaziganda chiqib ketgan. Shundan so‘ng mas’ullar aralashuvi bilan nasoslar o‘rnatilgan, biroq bu suvning chiqishini 2—2,5 metrga tushirgan, xolos. Rasmiylar ushbu muammoni 2020-yilda hal qilishga umid bildirmoqda.
Izoh (0)