1945-yilning 16-iyul sanasida AQShdagi Nyu-Meksiko shtati hududidagi cho‘lda odamzot o‘z qo‘li bilan yasagan ilk ommaviy qirg‘in quroli sifatidagi atom bombasini portlatishdi. O‘sha voqea tarixni butunlay boshqa ko‘chaga burib yuborgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘shandan buyon mana 74 yildan ziyod vaqt o‘tdi. O‘tgan vaqt esa odamzotni aqlni yig‘ib olib, bu dahshatli quroldan voz kechishga emas, balki yanada katta miqyosda qurollanishiga sabab bo‘ldi. Chunki o‘shandan buyon hisoblaganda, dunyo bo‘ylab o‘z atom bombasini tayyorlagan va sinash-portlatish ishlarini bajargan mamlakatlar soni sakkiztaga yetdi. Umumiy hisobda esa 2 ming martadan ko‘p yadro sinovlari amalga oshirildi.

Kanadalik grafik dizayner Piter Etvud hozirda rasman ma’lum bo‘lgan yadro portlatishlarining xaritasini tuzib chiqdi. Miqyosni aniqroq olish uchun esa Etvud to‘qqizta alohida hududiy xarita ham chizgan.

Foto: Piter Etvud

Xaritadan ma’lum bo‘lmoqdaki, yadro sinovlari shu choqqacha faqat Antarktidada va Janubiy Amerikada o‘tkazilmabdi xolos. Boshqa hamma qit’alar qirg‘inbarot qurolning zarba to‘lqiniga duchor bo‘lgan. Albatta, yadro sinovlarining aksariyati sovuq urush davrida SSSR va AQSh tomonidan o‘tkazilgan. Sinov portlashlari qayerda va qachon o‘tkazilganini ko‘rish uchun, keling, Etvud chizgan hududiy xaritalarga nazar tashlaymiz.

AQSh, Nevada sinov poligoni

Foto: Piter Etvud

Yer sharida eng ko‘p yadro bombasi portlagan joy AQShning Nevada shtatida joylashgan sinov poligoni bo‘lgan. Bu joy Las-Vegasdan 130 kilometr masofada bo‘lib, 1951-yildan to 1992-yilgacha bu joyda jami 928 marta yadro sinovlari o‘tkazilgan. Garchi joyning o‘zi shahardan olisda, cho‘l o‘rtasida bo‘lgan bo‘lsa-da, biroq uning aks-sadosini juda uzoqdagilar ham bilishgan. Xususan, Las-Vegasdagi mehmonxonalar oynalaridan mijozlar portlashdan keyin cho‘l tomonda hosil bo‘lgan yorqin olovrang bulutni ko‘rishlari mumkin edi.

Tinch Okeani poligoni. Marshall orollari

Foto: Piter Etvud

AQSh uchun ayrim yadro sinovlarini bevosita materikda, mamlakat hududida o‘tkazish o‘ta xatarli edi. Shu sababli Qo‘shma Shtatlar Tinch okeanidagi Marshall orollarida ham maxsus sinov maydonchasi tashkil qilgan. Bu yerda AQSh harbiylari jami 106 marta yadro bombasi portlatgan. Xususan, quvvati Xirosimaga tashlangan bombadan ming marta katta bo‘lgan, ya’ni 15 megatonnalik dahshatli qirg‘in bombasini ham shu joyda sinab ko‘rilgan.

Semipalatinsk poligoni, Qozog‘iston

Foto: Piter Etvud

Sovet Ittifoqining eng yirik poligoni esa Qozog‘istonning shimoli-g‘arbida joylashgan Semipalatinsk poligoni bo‘lgan. Bu yerda sovetlar 1949-yildagi eng birinchi sinovdan boshlab 1991-yilgacha, ya’ni tuzum qulagungacha bo‘lgan vaqt orasida jami 456 marta yadro sinovini amalga oshirgan. Hozirda Semipalatinsk yadro poligonida olimlar yadro amaliyotining uzoq muddatli nojo‘ya ta’sirlarini tekshirish yuzasidan izlanishlar olib borishmoqda.

Novaya Zemlya sinov poligoni, Rossiya

Foto: Piter Etvud

Shimoliy Muz okeanida joylashgan Novaya Zemlya arxipelagi 224 marta yadro sinovlariga guvoh bo‘lgan. Bular orasida shu choqqacha portlagan bombalar orasida eng kattasi – “Sar bomba” (“Podsho bomba”) ham bor. Uning quvvati AQShning eng kuchli atom bombasidan uch barobar katta bo‘lgan.

Fransuz Polineziyasi

Foto: Piter Etvud

1960-yildan boshlab 1996-yilgacha Fransiya 217 marta yadro sinovlarini amalga oshirgan. Ushbu sinovlarning aksariyati Tinch okeanida joylashgan Fransiyaga qarashli mitti orollarda bajarilgan. Shuningdek, hali Fransiya mustamlakasi bo‘lgan zamonlarda Jazoir  cho‘llarida ham bir nechta yadro bombasining sinash ishlari olib borilgan.

Xitoyning Lob-Nor sinov bazasi

Foto: Piter Etvud

Xitoy 1945-yildan boshlab yadro sinovlarini o‘tkaza boshlagan. Ularning poligoni Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasida bo‘lib, so‘nggi yadro sinovini xitoylar 1996-yilda amalga oshirgan edi. O‘shanda rasmiy Pekin hisob bo‘yicha 45-marta atom bombasini portlatib ko‘rgan.

 Avstraliyadagi Britaniya sinov poligoni

Foto: Piter Etvud

Buyuk Britaniyaning asosiy orollari yadro sinovlarini o‘tkazish uchun ancha tor va xatarlidir. Shu sababli Birlashgan Qirollik armiyasi o‘z yadro sinovlarini Avstraliya bilan birgalikda ushbu mamlakatning kimsasiz cho‘llarida amalga oshirgan. Ularning sinovlari 1952-yildan 1957-yilgacha davom etgan, lekin necha marta sinov portlatishi amalga oshirilgani ochiqlanmagan.

Pokiston va Hindiston

Foto: Piter Etvud

Bu mamlakatlar jami olti marta yadro sinovini amalga oshirgan. Garchi bu raqam yuqoridagilar oldida ancha kam ko‘rinsa-da, biroq mutaxassislar qachonlardir yadro xuruji ro‘y berishi ehtimoli eng yuqori bo‘lgan joy deb aynan Pokiston va Hindiston chegarasini ko‘rsatadi.

Pungeri poligoni, Shimoliy Koreya

Foto: Piter Etvud

O‘z yadro qurolini tayyorlagan va sinovdan o‘tkazgan oxirgi mamlakat bu Shimoliy Koreyadir. Bu mamlakat 2006-yilda ilk bora sinov portlatishini bajargan edi. O‘shandan beri Pungeri yadro poligonida Shimoliy Koreyaning yana oltita yadro sinovlari amalga oshirilgan.

* * *

O‘zbekistonda ham, garchi ko‘p bo‘lmasa-da, yadroviy portlashlar ro‘y bergan. 1966-yilda sobiq Ittifoq tomonidan yer ostida, ming metr chuqurlikda yadro bombasi portlatilgan. Bunday xavfli chora sovetlar tomonidan yer ostidagi konlarda yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish uchun ko‘rilgan edi.

Foto: Reddit

Yer osti yong‘inini o‘chirish uchun konni portlatish yo‘li bilan gaz manbasidan xalos bo‘lish maqsadida yadro bombalaridan birini u yerga yo‘naltirishga qaror qilishgan. 30 kilotonnalik yadro jangovar kallagi bir necha ming kilometr chuqurlikda portlatilgan va 1963-yildan buyon to‘xtovsiz yonib kelgan alanga portlashdan keyin 23 soniya ichida deyarli to‘liq to‘xtagan.