Termiz shahrida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Open South International Business Forum II biznes forumida xorijiy davlatlar biznes hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Biznes forumda dunyoning 21 ta davlatidan ishtirok etayotgan 170 dan ortiq salohiyatli xorijiy investor va kompaniyalar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, chet el davlatlarining O‘zbekistondagi diplomatik korpus va savdo uylari vakillari ishtirok edi. Xususan Afg‘oniston Islom Respublikasining Balx viloyati hokimi Muhammad Isxoq Rahguzar, Samangon viloyati hokimi o‘rinbosari Xoji Sifatulloh Samangani, Faryob viloyati hokimi o‘rinbosari Abdul Muqim Rosex, Jouzjon viloyati hokimi o‘rinbosari Abdulqodir Moliya, Tojikistonning Xatlon viloyati hokimi o‘rinbosari Rajabali Rajabov, Bangladesh Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannan, Vengriya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szanto Peter, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Fujiyama Yoshinori shular jumlasidandir.
Forum doirasida 13 ta davlat bilan 352 millon dollardan ortiq 70 ta investitsion shartnoma imzolanib, o‘tkazilgan B2G va B2B kooperatsion birja hamda surxondaryolik tovar ishlab chiqaruvchilarning mahalliy tayyor mahsulotlari ko‘rgazmasi davomida qator iqtisodiy kelishuvlarga erishildi.
O‘tgan yilda o‘tkazilgan “Ochiq janub” I xalqaro biznes forumida oziq-ovqat, tekstil, qurilish, charm mahsulotlarini ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, zamonaviy issiqxona, intensiv bog‘ tashkil etish, shuningdek, chinni buyumlar, plastik romlar, muzqaymoq, meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha imzolangan 351 million dollarlik 47 ta investitsion hamda 214 million dollarga teng 44 ta tashqi savdo shartnomasi asosida hozirda bir qator ishlar amalga oshirilgan. Biznes forum doirasida imzolangan memorandumlar asosida viloyatda 100 million dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan.
21—22-sentabr kunlari o‘tkazilgan forum doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va saqlash, tayyor tikuvchilik mahsulotlari, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan qator shartnoma va memorandumlar imzolanishi rejalashtirilgandi.
Izoh (0)