Toshkentda birinchi marta xalqaro Tashkent Book Fest kitob-ko‘rgazma yarmarkasi o‘tkaziladi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Tashkent Book Fest 2—4-oktabr kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lum qilinishicha, ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tashkil etmoqda.
Xorijiy va mahalliy nashriyot kitoblari bilan tanishish, yangi asarlar taqdimotida ishtirok etish, chet el va o‘zbek adiblari, mualliflari bilan uchrashish mumkin bo‘ladi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, yozuvchi, shoir va rassomlar bilan ijodiy suhbatlar, sohaga oid seminarlar, mahorat darslari, treninglar va aksiya hamda kitob tanlovlari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Izoh (0)