Farg‘ona shahar markaziy shifoxonasining tug‘ruq bo‘limida fuqaro Nozimaxon Ahmadjonova egizaklar — bir qiz va ikki o‘g‘ilni dunyoga keltirdi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
Farg‘ona viloyati Sog‘liq saqlash boshqarmasi axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, ayolning turmush o‘rtog‘i Xurshidbek Ibrohimov harbiy xizmatchi, Buxoro viloyatida faoliyat yuritib keladi. Bungacha ushbu oilaning bir nafar o‘g‘il farzandi bor edi.
“Chaqaloqlarning otasi harbiy xizmatchi bo‘lgani bois, buyuk ajdodlarimizdek salohiyatli va jasoratli insonlar bo‘lsin, deb yaxshi niyat qilib, egizaklarning eng kattasiga Bibixonim, o‘g‘il bolalarga Amirbek va Temurbek, deb ism qo‘yishdi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Qayd etishlaricha, chaqaloqlarning uchalasi ham sog‘lom, malakali mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ayni paytda onaga ham, chaqaloqlarga ham tajribali shifokorlar nazorati ostida, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Izoh (0)