Yevropa Chempionlar Ligasining 1-turidan o‘rin olgan “Atletiko” va “Yuventus” jamoalari ishtirokidagi o‘yin 18-sentabr tunida bo‘lib o‘tadi.
“Vanda Metropolitano”dagi bahs keskin kurashga boy bo‘lishi kutilmoqda. O‘tgan mavsumda jamoalar buni isbotlab bergandi. Madridda 2:0 hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritgan Diyego Simeone shogirdlari Turinda yirik mag‘lubiyatni (0:3) qabul qilib olgandi.
“Atletiko” Yevrokuboklarda bunga qadar “Yuventus” bilan ikki bor o‘z maydonida kuch sinashgan va ikkisida ham zafar quchgan. Fevraldagi 2:0 dan tashqari, “matraschilar” Chempionlar Ligasining 2014/15-yilgi mavsumi guruh bosqichida turinliklarni minimal hisobda taslim etgandi. Bu jamolar yozda Xalqaro Chempionlar Kubogida ham o‘zaro bahs yuritdi. Unda ispanlar 2:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritgandi.
Bugungi o‘yin turli intrigalarga boyligi bilan ham ajralib turibdi. Krishtianu Ronalduning yana Madridga qaytishi, murabbiylar bellashuvi, ikki portugaliyalik “yettinchi raqam”larning dueli... Xullas Madriddagi o‘yin hech kimni zeriktirib qo‘ymasligi aniq.“Atletiko”
Yozgi transfer mavsumida bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urgan madridliklar La Ligani ko‘tarinki ruhda boshladi. Ketma-ket uchta turdagi g‘alabadan keyin “matraschilar”ni “Real Sosyedad” to‘xtatib qoldi. Simeone jamoasi bu mavsum avvalgiga qaraganda “quvnoq”roq ko‘rinmoqda. Mutaxassis yangi futbolchilardan foydalangan holda bir bahsning o‘zida turli xil uslublar qo‘llagan holda raqiblarini chalg‘itishga erishyapti. Biroq bugungi raqib anoyilardan emas...
“Atletiko” bugun Alvaro Morata va Tomas Parti xizmatlaridan foydalana olmaydi. Ispaniyalik hujumchi jarohatini tiklagan bo‘lsada, murabbiylar shtabi uni qaydnomaga kiritmadi.“Yuventus”
“Keksa sinyora” ham mavsumni yaxshi boshladi, dastlab “Parma”ni minimal hisobda taslim etgan jamoa keyingi turda asosiy raqibi “Napoli”ni dog‘da qoldirdi (4:3). Biroq uchinchi turda “Fiorentina” bilan durang o‘ynagan “Yuve” turnir jadvalida uchinchi pog‘onaga tushib ketdi. Mauritsio Sarri mazkur o‘yinni o‘z foydasiga hal etgan holda barcha tanqidlarga munosib javob qaytarishi mumkin.
Turinliklarda ham kadrlar muammosi yetarlicha. “Yuventus” bugun jarohat sabab safdan chiqqan Duglas Kosta va Mattia de Shilyo xizmatidan foydalana olmaydi. Shuningdek, Emre Jan va Mario Manjukich qatori bir necha oyga safdan chiqqan Jorjio Kyellini ham Chempionlar Ligasi qaydnomasiga kiritilmagan. Miralem Pyanich esa bugun maydonga tushishi kutilmoqda.Statistika va qiziqarli faktlar
- “Atletiko” va “Yuventus” Yevrokuboklarda jami to‘rt bor to‘qnash kelgan: 2 g‘alaba ispanlarda, bitta turiinliklarda va 1 durang
- Madriddagi o‘yinlarning hammasida “Atletiko” g‘alabaga erishgan, “Yuve” esa birorta ham gol ura olmagan
- Krishtianu Ronaldu “Atletiko”ga qarshi sakkizta Yevrokubok o‘yinida 7 ta gol urishga erishgan
- “Atletiko” italyan klublariga qarshi o‘z maydonida 12ta o‘yin o‘tkazib, ularning 9 tasida g‘alaba qozongan va uchta o‘yinda mag‘lub bo‘lgan. So‘nggi oltita uy o‘yinida “matraschilar” ketma-ket g‘alabaga erishmoqda, to‘plar nisbati esa — 14:1
- “Atletiko” yevrokuboklardagi so‘nggi to‘qqizta uy o‘yinini g‘alaba bilan yakunlagan
- “Yuventus” Chempionlar Ligasidagi so‘nggi uchta safar o‘yinida g‘alabaga erisha olgani yo‘q (durang va ikki mag‘lubiyat)
Taxminiy tarkiblar
Nodirxon Hamidxonov tayyorladi
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)