O‘zbekiston moliya vazirining yangi o‘rinbosarlari tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
2019-yilning aprel oyidan buyon Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga rahbarlik qilib kelayotgan Ahadbek Haydarov moliya vazirining davlat budjeti va xalqaro moliyaviy munosabatlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan. Haydarov ushbu lavozimda Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori etib tayinlangan Bahrom Ashrafxonovning o‘rnini egallagan.
Shuningdek, 2018-yildan buyon qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Abdumuxtor Ergashev moliya vazirining agrosanoat majmuasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan.
Ma’lumot uchun, Ahadbek Haydarov (1971-yilda tug‘ilgan) 1994-yilda O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. 2017—2019-yillarda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Turli yillarda O‘zbekiston Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari va “Mikrokreditbank” rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Abdumuxtor Ergashev (1977-yilda tug‘ilgan) 2000-yilda Termiz davlat universitetini tamomlagan, 2004-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2009-yilda esa Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. U 2010—2018-yillarda Vazirlar Mahkamasi tizimida, 2017—2018-yillarda esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida ishlagan.
Izoh (0)