Oldinroq “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh Qoraqalpog‘istonga sayohat qilganini ma’lum qilgan edik. Sayohat taassurotlari aks etgan birinchi maqola Nukus shahriga bag‘ishlangan edi. Ikkinchi maqolaning mavzusi – nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki butun O‘zbekistonning eng asosiy madaniyat muassasalaridan biri bo‘lmish Savitskiy muzeyi.
Qoraqalpog‘istonga sayohat qilishni rejalashtirar ekanmiz, unda eng asosiy rejamiz Nukusdagi Savitskiy muzeyi va Mo‘ynoqdagi o‘zgarishlarni har qanaqasiga, nima bo‘lsa ham ko‘rib qaytamiz degan niyat bo‘ldi. 31-avgust kuni kechki payt uzoq yo‘l bosib Nukusga yetib bordik va ertasi kuni ertalab eng avvalo Savitskiy muzeyini borib tomosha qilishni niyat qilib uxlashga yotdik.
1-sentabr kuni ertalab soat 9:00 larda mehmonxonadan chiqib muzeyga bordik. Muzey shahar markazida joylashgan. Muzey atrofi istirohat maydoni qilib qo‘yilgan. Shuningdek, muzey oldidagi ikki baland ustundan biriga Qoraqalpog‘iston, yana biriga O‘zbekiston bayroqlari ilib qo‘yilgan.
Muzey binosi oldiga borib, bir-birimizga bergan savolimiz “Bugun bayram, dam olish kuni, muzey ishlarmikin?” bo‘ldi. Internetdan savolimizga javob qidirib ko‘rdik: ishlar ekan. Muzey tomoshasidan keyin, shoshilinch Mo‘ynoqqa jo‘nashimiz lozim edi, shunga qaramay, muzey ochilishini kutdik. Muassasa ochildi, chipta olib ichkariga kirdik.
Muzeyga kirish chiptasi mahalliy aholi uchun bitta binodagi eksponatlarni tomosha qilish 11 ming so‘m, ikkita binodagi eksponatlarni tomosha qilish uchun esa 18 ming so‘m ekan. Xorijliklar uchun bitta binodagi eksponatlarni tomosha qilish 48 ming so‘m, ikki binodagi eksponatlarni tomosha qilish uchun 72 ming so‘m ekan. Xorijlik sayyohlar kamida 20 kishilik guruh bo‘lsa va muzey haqida ingliz tilida ma’lumot beruvchi gid xizmatini xohlasa, unda bitta binodagi eksponatlarni tomosha qilish 80 ming so‘m, ikkita binodagi eksponatlarni ko‘rish esa 160 ming so‘mga tushar ekan.
O‘sha kuni biz bilan muzeyga bir avtobus xorijiy sayyohlar ham kirdi. So‘rab bilsak, ular AQShdan ekan; ular Xivani tomosha qilganidan so‘ng Savitskiy muzeyini ham tomosha qilgani kiribdi.
Savitskiy muzeyi haqida
I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi nafaqat Qoraqalpog‘istondagi, balki O‘zbekistondagi eng yirik muzeylardan biri hisoblanadi. Muzey Nukus shahrida 1966-yilda tashkil topgan va 1984-yildan Savitskiy nomi bilan ataladi.
Muzeyga Savitskiyning sa’y-harakati va u to‘plagan qoraqalpoq xalq amaliy san’ati asarlari negizida asos solingan. Muzeyning umumiy maydoni – 6,9 ming kvadrat metr.
Muzey uchta alohida binodan iborat. Ikkita binoda ko‘rgazma tashkil etilgan. Bitta bino esa muzey zahirasidagi eksponatlar saqlanadigan bino ekan.
Muzeyda xalq amaliy san’ati, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san’ati, 1920–1930-yillar o‘zbek va rus tasviriy san’ati, qoraqalpoq zamonaviy rangtasviri va haykaltaroshligi, ilmiy-ma’rifiy bo‘limlar, kutubxona (10 ming kitob), jamg‘arma hamda ta’mirlash ustaxonasi bor. Muzeyda 100 mingga yaqin eksponat mavjud.
Muzey jamg‘armasida 1920–1930-yillarda avangard rassomlar yaratgan asarlar to‘plangan. Qoraqalpoq xalq ustalari tomonidan yaratilgan zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtado‘zlik, to‘qimachilik (ayniqsa o‘tov jihozlari) va boshqa asarlar amaliy san’at bo‘limida jamlangan.
Tasviriy san’at bo‘limi to‘plami juda boy. Bu yerda qoraqalpoq rassomlari I. Savitskiy, K. Soipov, J. Quttimurodov, D. To‘raniyozov va boshqalar, O‘rta Osiyo rassomligining keksa avlodi – A. Volkov, M. Qurzin, A. Nikolayev (Usta Mo‘min), N. Karaxan, O‘. Tansiqboyev va boshqalarning ko‘plab katta ahamiyatga ega bo‘lgan asarlari bor.
Shuningdek, muzeyda 1920–1930-yillarda ijod etgan rus rassomlari A. Shevchenko, R. Falk, V. Muxina, I. Grabar asarlari bilan bir qatorda ijodi uncha o‘rganilmagan R. Mazel, K. Redko, A. Safronov va boshqalarning asarlari ham qo‘yilgan.
Muzey bugun ham san’at asarlarini to‘plash, targ‘ib etish, kataloglar chop etish, ko‘rgazmalar tashkil qilish bilan shug‘ullanadi.
Mamlakatimizdagi ko‘plab shaharlardagi muzeylarga kirganman. Savitskiy nomli muzeyga kirib, u yerda qo‘yilgan eksponatlarni tomosha qilar ekanman, boshqa shaharlarda ko‘rgan muzeylarim buning oldida o‘ta g‘arib bo‘lib qoladi. Muzeydagi ko‘plab eksponatlar meni nihoyatda lol qoldirdi. Ayniqsa o‘zi ham rassom bo‘lib rasmlar chizgan, shuningdek, muzeyni tashkil etishda bosh-qosh bo‘lgan Savitskiyga hurmatim nihoyatda oshdi. Muzeyda bitta kichik zal Savitskiy asarlariga, uning hayot yo‘liga bag‘ishlangan.
Muzeyni aylanib tomosha qilar ekanman, shu paytgacha bu yerga kelmaganimga ajablandim. To‘g‘risi, hozir ham bu muzey dovrug‘ini eshitgan, lekin bir marta borib tomosha qilmagan yurtdoshlarimiz nihoyatda ko‘p. Ularga bir narsani ayta olaman: imkoniyatingiz bo‘lishi bilanoq bu muzeyni albatta borib ko‘ring. Qimmatli vaqtingizni sarflab borganingizga afsuslanmaysiz, aksincha, qayta-qayta borishni xohlab qolasiz.
Ha, ta’rifini eshitib, bu muzeyni tomosha qilish uchun olis okean ortidan, uzoq Yaponiyadan, Yevropaning turli mamlakatlaridan kelishyapti. Muzeyni noyob eksponatlarga boyligi uchun xorijda “Sahrodagi Luvr” deyishadi.
Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz esa oldimizdan oqqan suvni qadrlamay, shunday ajoyib muzeyni borib ko‘rmaydi. Chet elliklar uzoq o‘lkalardan tomosha qilish uchun kelayotgan bu muzeyga balki yurtimizning boshqa diqqatga sazovor joylariga ancha-munchada borishmaydi. Xullas, muzeyni nafaqat bir bor, balki bir necha bor tomosha qilish kerak. U shunga arziydi.
Muzeyni tomosha qilar ekanmiz, bir xodimadan muzey haqida ma’lumotlar so‘radim. U ma’lumot berarkan, muzeyning uchta binosi borligini, ikkita binoda ko‘rgazma tashkil etilganini, uchinchisida esa zahxiradagi eksponatlar saqlanishini aytdi. “Umumiy kolleksiyaning necha foizi ko‘rgazmaga qo‘yilgan?” deb so‘raganimda u ochiqqa qo‘yilgan eksponatlar umumiy kolleksiyaning yarmiga ham yetmasligini ma’lum qildi. Demak, Savitskiy muzeyi uchun kamida yana bitta bino kerak.Muzeydan chiqayotganimizda e’tibor berdim, muzey atrofida juda katta maydon bor va u yerda hozir mavjud bo‘lgan uchta binoga hamohang tarzda yana bitta bino qursa bo‘ladi. Ana shunda muzey kolleksiyaning yana bir qismini yangi binoga joylashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xodimaning aytishicha, muzeyga kuniga o‘rtacha 200 odam tashrif buyuradi. Bu ko‘rsatkichning asosiy qismini xorijlik sayyohlar tashkil etar ekan. Uning qo‘shimcha qilishicha, muzeyga sayyohlar kuz va bahor oylarida ko‘proq keladi. Yoz va qish fasllarida muzeyga tashrif buyuruvchi sayyohlar kamroq bo‘lar ekan.
Aslida muzey rahbariyatidan intervyu olish ham rejamda bor edi. Ammo dam olish kuni bo‘lgani uchun rahbariyat ishda emas ekan.
Muzeyda fotosurat olishga ruxsat berishar ekan, faqat fotouskunalarning yoritish chirog‘ini ishlatmasdan olish mumkin ekan. Muzey xodimasining tushuntirishicha, fotosuratga olishda yoritish chirog‘i ishlatilsa, ulardan chiqayotgan yorug‘lik rasm va boshqa eksponatlarga zarar yetkazishi mumkin ekan.
Umuman olganda, muzeyni tomosha qilib o‘zim uchun ko‘p narsa kashf qildim. Muzeyni imkoniyati va vaqti bo‘lganlar albatta bir bor ko‘rishi kerak.
O‘ylaymanki, muzey uchun yana qo‘shimcha bino qurish masalasini nafaqat Qoraqalpog‘iston rahbarlari, balki O‘zbekiston hukumati ham ko‘rib chiqadi va yaqin kelajakda u yerda muzey uchun yana bitta bino qad ko‘taradi. Ana shunda muzeyga yanada ko‘proq eksponat qo‘yiladi va bu sayyohlar oqimini ko‘paytiradi.
Muzeydan ko‘tarinki kayfiyatda chiqdik va Mo‘ynoq sari otlandik.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)