Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Shu kungacha O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Sarvar Boboxo‘jayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqdagi tegishli qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 11-sentabr kuni imzolangani “Daryo”ning hukumatdagi manbasi tomonidan tasdiqlandi.

Sarvar Boboxo‘jayev (chapdan ikkinchi) va Nozima Fayziboyeva.

Sarvar Boboxo‘jayev (chapdan ikkinchi) va Nozima Fayziboyeva.
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘z navbatida, Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 13-sentabrdagi qarori bilan Nozima Fayziboyeva Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Sarvar Boboxo‘jayev (1978-yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat texnika universiteti (1998) va Yaponiya xalqaro universitetini (2002) tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1997-yili “Bakri Uzbekistan Telekom” xorijiy korxonasida tarjimon sifatida boshlagan. 1998—2016-yillarda “O‘zbekinvest” kompaniyasi tizimi, Jizzax davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent Singapur menejmentni rivojlantirish institutida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Boboxo‘jayev 2016—2018-yillarda Toshkentdagi Inha universitetiga rektorlik qilgan, 2017-yil martidan to hozirgi kunga qadar “O‘zbekiston—Janubiy Koreya” do‘stlik jamiyati kengashi raisi hisoblanadi. 2017-yildan joriy tayinlovga qadar O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.

“Buyuk kelajak” ekspert kengashi a’zosi hisoblangan Nozima Fayziboyeva (1984-yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat yuridik universiteti (2004) va Jeneva universitetini (2009) tamomlagan. Shveysariyaning Sidley Austin xalqaro yuridik kompaniyasida yurist sifatida ishlagan. O‘zbekiston va MDH mamlakatlarida madaniyat va ta’limni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ta’sischisi. Yuristlar malakasini oshirish va o‘qitish sohasida O‘zbekiston Adliya vazirligi bilan hamkorlik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi davlat rahbarining 9-sentabrdagi farmoni bilan tashkil etilgan. 10-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan ilk Prezident maktabiga tashrif buyurgan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Madaniyat
“Xudodan qo‘rqmagan odamdan qo‘rqdim”. O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamov oilaviy nizolar tufayli ijara uyda yashamoqda (video)
Mahalliy
“Odamlar o‘limida o‘zimni aybdor hisoblamayman” — Nukusdagi tartibsizliklar yetakchisi Dauletmurat Tajimuratov
Mahalliy
Samarqandda o‘quvchining onasi “zamdirektor”ni kaltakladi