“Daryo”ga kelib tushgan murojaatga binoan, O‘zbekistonda harbiy buyumlar bilan savdo qiluvchi do‘konlar soni ko‘payib bormoqda. Mazkur masala bo‘yicha kontrakt asosidagi harbiy xizmatchi Arslon Sotvoldiyev “Daryo”ga ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, Qurolli kuchlarga qarashli harbiy qismlar ichida harbiy savdo do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bu do‘konlardagi narxlar juda baland, bu esa respublikada noqonuniy harbiy do‘konlar soni kundan kunga ko‘payib borishiga sharoit yaratmoqda.
Jumladan, Toshkent shahrining Yangiobod bozorida 80 dan ortiq noqonuniy harbiy savdo rastasi mavjud. Ularda harbiy anjom-aslaha, kiyim-kechak, harbiy moddiy va texnik buyumlar savdosi olib borilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, xaridorlarning 80 foizini haqiqiy xizmatdagi harbiylar tashkil etyapti.
Masalan, harbiy qismdagi savdo do‘konida sotilayotgan “Salamandra” etigi 130 ming so‘m, “Okey” rusumli ko‘zoynak esa 85 ming so‘m turadi. Xuddi shu etik Yangiobod bozorida 105 ming so‘m, ko‘zoynak esa 58 ming so‘m. Qo‘qon shahrida joylashgan Yangibozordagi 30 ga yaqin harbiy buyum do‘konlarida esa etig narxi 110 ming, ko‘zoynak 65 ming so‘m turadi.
Ta’kidlanishicha, harbiy qismlar atrofida (respublikaning qariyb barcha shaharlarida) joylashgan ba’zi uylarda hamda bozorlarda noqonuniy harbiy buyumlar savdosi gullab-yashnamoqda.
“Yangibozordagi (Qo‘qon shahri) harbiy savdo rastalarida harbiy buyum – ‘protivogaz’, ya’ni gaz niqobi narxi bilan qiziqdim – dedi Arslon Sotvoldiyev. – Sotuvchi avvaliga gaz niqobining narxi 25 ming so‘m ekanini, 500 tagacha sotib olsam, 15 ming so‘mga tushirib berishini aytdi. O‘ylab ko‘rilsa, buncha miqdordagi gaz niqobi va harbiy moddiy buyumlar chegaradan qanday tartibda olib o‘tilmoqda?
Yangioboddagi (Toshkent shahri) bir tanishim puli ko‘p harbiy savdo bilan shug‘ullanayotganlar harbiy yuklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy, Qozog‘iston hamda Qirg‘izistondan olib kelishini, boshqalar esa Toshkent shahridagi O‘rikzor bozoridan ‘optom’ga olib, keyin donalab sotishini aytdi.
Yonimdagi hamkasbim esa ‘Demak, bir nechta harbiy bo‘linmani Yangiobod bozoriga olib kelib, boshdan oyoq, birgina quroldan tashqari ekipirovkasi bilan kiyintirib ketsa bo‘larkanda’, deya hazil qildi. Aslida ham shunday”.
O‘rganishlar natijasi harbiy sohada noqonuniy savdo rivojlanishiga bir qancha omillar sabab bo‘layotganini ko‘rsatadi. Masalan, legal savdo do‘konlari soni yetarli emasligi, raqobat va tanlovning yo‘qligi bunga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, harbiy qismlardan va chegaradan harbiy buyumlar qanday o‘tib ketayotganini noma’lum.
Harbiy qismlardagi do‘konlarga harbiy kiyim-kechak va buyumlar oldindan to‘lov asosida olib kelinadi (aslida aksincha bo‘lishi kerak). Bu to‘lovni harbiy savdo do‘koni yurituvchisi – tadbirkor to‘laydi. Bundan tashqari, harbiy savdo do‘koniga ega bo‘lgan tadbirkor 20 foiz miqdorda soliqqa tortiladi. Shu bilan tadbirkor ikki huquqni qo‘lga kiritadi. Biri harbiy qismda savdo qilish, keyingisi esa – mehnat daftarchasi yuritish.
“Lekin aniq ayta olaman, qonuniy faoliyat yuritayotganlardan noqonuniy tadbirkorlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda”, – deb fikrini yakunladi Sotvoldiyev.
Izoh (0)