Yaponiyada 13-sentabr, juma kuni taekvondo bo‘yicha Chiba—2019 Gran-prisi start oldi. Musobaqaning ilk kunida o‘zbekistonlik sportchi Svetlana Osipova o‘z janglarini o‘tkazdi.
Osipova uch nafar raqibasini mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi. Biroq Svetlana final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda Rio—2016 Olimpiadasi chempioni, xitoylik Zeng Shuyinga yutqazib qo‘ydi (0:3).
Ma’lumot uchun, ushbu musobaqada 22-o‘rinda saralangan Osipova har safar o‘zidan yuqorida turgan sportchilarni mag‘lub etdi. Dastlab 11-o‘rindagi Ana Tepavas (4:0) dog‘da qoldirildi, so‘ngra 6-saralangan taekvondochi meksikalik Briseida Akosta (20:6) taslim etildi. Chorak finalda o‘zbekistonlik sportchi London—2012 Olimpiada o‘yinlari oltin medali egasi, ushbu musobaqada 3-saralangan serbiyalik Militsa Mandichni (5:4) mag‘lub etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi vakillari Nigora Tursunqulova 14-sentabr, Nikita Rafalovich 15-sentabr kuni musobaqada ishtirok etadi.
Yanada ko‘proq taekvondo va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)