O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) a’zosi bo‘lish uchun ariza topshirgan. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lining so‘zlariga asoslanib, “Xabar.uz” xabar bermoqda.
“O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilishga qaror qildi. O‘zbek tomoni yuborgan rasmiy hujjat Turkiy kengash kotibiyatiga kelib tushgan”, — degan Chovusho‘g‘li.
Vazirning aytishicha, a’zolik hujjatlari Toshkentga berib yuborilgan. Tez orada rasmiy jarayonlar o‘z yakuniga yetadi.
Shuningdek, Turkiy kengashga a’zo davlatlar soni ortib bormoqda. Turkmaniston ham qo‘shilish niyatini bildirgan.
Turkiy kengashga hozircha Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo hisoblanadi. Kengashning navbatdagi sammiti 16-oktabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)