Vazirlar Mahkamasining 9-sentabrdagi “Ichki ishlar organlarining kinologiya xizmatlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi xizmat itlarini oziqlantirish me’yorlari (3-ilova) tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, IIVning 1—3 oylik kuchuklari kuniga 150 gramm, 3—6 oylik kuchuklari va mayda zotli itlari kuniga 240 gramm, o‘rta zotli itlari kuniga 320 gramm, yirik zotli itlari esa kuniga 400 gramm go‘sht (mol, ot va qo‘y go‘shti) bilan boqiladi.
Bundan tashqari, xizmat itlariga ikki kunda bir tovuq tuxumi beriladi. 1 oylikkacha bo‘lgan kuchuklarga kuniga 150 gramm sut (qatiq) berilsa, yirik zotli itlarga 300 grammdan beriladi. Yirik zotli itlar, shuningdek, kuniga 500 gramm tvorog bilan ham boqiladi.
Bundan tashqari, IIVning xizmat itlariga har kuni don yormasi (bug‘doy, suli, guruch va guruch yormalari va boshqalar), o‘simlik yog‘i, kartoshka, sabzavotlar (sabzi, karam va boshqalar), suyak uni, baliq yog‘i beriladi.
Qayd etish joiz, mol va ot go‘shti topilmaganida xizmat itlariga yurak, o‘pka, qorin, ichaklar, go‘sht-suyak yoki baliq uni, yog‘i olinmagan sut, yog‘li tvorog berilishi mumkin, 2-toifali mol go‘shti topilmaganida esa, ayrim hollarda, cho‘chqa go‘shti berilishi mumkin.
Izoh (0)