Avgustning oxirgi kunlaridan Boltiq dengizi tubiga Germaniya tomonidan tushirilgan Boknis Eck Observatory rasadxonasi aloqaga chiqmay qo‘ygan. Aftidan, uni o‘g‘irlab ketishgan ko‘rinadi. Bu haqda “Livescience.com” nashri xabar bermoqda.
Okean tadqiqotlari markazi GEOMAR Helmholtz Centre for Ocean Research tomonidan boshqariladigan mazkur dengiz tubligi rasadxonasi jami 740 kilogramm vaznga ega asbob-uskunalardan iborat bo‘lgan. Bortdagi asboblar dengiz tubi haqida axborot jamlab, markazning quruqlikdagi laboratoriyalariga yuborib turgan. 21-avgust kuni tublik rasadxonasi bilan oxirgi marta aloqa o‘rnatilgan edi va o‘shanda u kutilmaganda uzilib qolib, qayta chaqiriqlarga javob bermagan.
Mutaxassislar avvaliga ma’lumotlarni uzatish tizimi bilan bog‘liq muammolar kelib chiqqan shekilli deb o‘ylashgan edi. Biroq rasadxona tushirilgan tublikka sho‘ng‘igan g‘avvoslar uni joyidan topa olishmadi; aksincha, faqat kesib ketilgan kabellar qoldiqlariga duch kelishdi xolos.
Tublik rasadxonasi Germaniyaning Kil shahri yaqinidagi dengiz sohilidan 1,8 kilometr naridagi tublikka joylashtirilgan edi. GEOMAR markazidagilarning vaziyatga izoh berishicha, uni katta ehtimol bilan o‘g‘irlab ketishgan bo‘lsa kerak deyilmoqda. Chunki 740 kilogramm tosh bosadigan uskunani na biror dengiz hayvoni va na suv ko‘tarilish-qaytishi yoxud kuchli dovul ham joyidan siljita olmagan bo‘lardi.
Hozirda nemis politsiyasi bu borada ish ochgan. Ma’lum qilinishicha, suv osti rasadxonasi ikkita og‘ir vaznli metall ramadan tashkil topgan bo‘lib, ulardan biri orqali rasadxonaga energiya ta’minoti yetkazib turilgan. Ikkinchisida esa, turli o‘lchov va nazorat asboblari o‘rnatilgan bo‘lib, ular tublik tabiatiga oid xilma-xil ma’lumotlarni, jumladan, harorat, bosim, sho‘rlik darajasi (tuzlar miqdori), kislorod va xlorofill miqdorini va ho kazolarni qayd etib, quruqlikdagi stansiyaga kabel orqali uzatgan. Loyihani nemis olimlari bundan naq 62 yil muqaddam, ya’ni 1957-yilda ishga tushirishgan bo‘lib, shu choqqacha u uzluksiz ishlab kelgan.
GEOMAR ma’muriyatining bildirishicha, yo‘qotilgan suv osti rasadxonasining bugungi kun narxi taxminan 300 000 yevro atrofida, biroq u bilan birga yo‘qolgan ko‘p yillik ma’lumotlar bebaho edi.
Izoh (0)